Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti seleksioner olimlarining koʻp yillik samarali izlanishlari natijasida Oʻzbekistonda ilk bor achchiq qalampirning issiqxonada yetishtirishga va mahalliy tuproq iqlim sharoitiga mos “Sharq gavhari” navi ixtiro qilindi.
Qalampirning ushbu navi qishloq xoʻjaligi fanlari doktorlari Nurbek Xushvaqtov va Rustam Nizomov tomonidan yaratildi.
Issiqxonada yetishtirishga moslashtirilgan ilk mahalliy nav oʻrtapishar boʻlib, vegetatsiya davri 123-125 kunni tashkil etadi.
“Sharq gavhari”ning koʻrinishi boshqa qalampirlardan deyarli farq qilmaydi. Uning tupi yarim yigʻiq, shtambli, oʻrtacha barglanuvchan, baland boʻylidir. Mevasi konussimon koʻrinishda, oʻrtacha hajmda, yuzasi tekis, texnik yetilganda yashil, biologik yetilganda qizil boʻladi. Etining qalinligi 1,6-2,0 mm, taʼmi esa achchiq. Bir tupdan 45-50 ta meva olinadi.
Ushbu qalampirning hosildorligi gektariga 24-25,5 tonnaga teng.
“Sharq gavhari” navi unumdor tuproqqa talabchan, virusli kasalliklarga chidamli. Eng muhimi, uni issiqxonada yilning istalgan vaqtida ekib, yetishtirish va isteʼmol qilish mumkin.