Olimpiada oltin medali uchun qaysi davlat qancha pul to'laydi?

    Koʻplab davlatlarda ushbu yirik sport musobaqasidan medal bilan qaytgan sportchilarini qoʻshimcha mablagʻ bilan ragʻbatlantirish anʼanaga aylangan. Xoʻsh, Olimpiada chempionligini qoʻlga kiritib, oltin medalga sazovar boʻlgan sportchilar qaysi davlatda qancha pul oladi?

    “Argumentы i faktы” nashrining yozishicha, singapurlik sportchi oltin medalga sazovar boʻlsa 1 million AQSH dollari bilan mukofotlanadi. Roʻyxatning ikkinchi oʻrnini Qozogʻiston egallagan. Qoʻshnilarimiz Olimpiada gʻolibini 250 ming dollar bilan ragʻbatlantiradi. Ozarbayjon hukumati esa gʻolib sportchiga 248 ming dollar sovgʻa qiladi.

    Shuningdek, mamlakati sharafini munosib himoya qilib, Olimpiada oltin medaliga sazavor boʻlgan italiyalik sportchi – 212,4 ming, oʻzbekistonlik sportchi 200 ming, belaruslik sportchi 129 ming, ukrainalik sportchi 125 ming, qirgʻizistonlik sportchi 118,5 ming, fransiyalik sportchi 74,8 ming, rossiyalik sportchi 54 ming, xitoylik sportchi 46,3 ming, yaponiyalik sportchi 45,2 ming, AQSHlik sportchi 37,5 ming, tojikistonlik sportchi 26,3 ming va avstraliyalik sportchi 20 ming dollar pul bilan siylanadi.