Adliya vazirligi Olis (chekka) va notarius lavozimiga talab yuqori boʻlmagan hudud (notarial okrug)larda davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga talabgorlarni Oliy malaka komissiyasi tomonidan suhbat asosida tayinlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni davlat roʻyxatidan oʻtkazdi (roʻyxat raqami: 3756, 19.01.2026-y.).
Nizomga koʻra, suhbat Prezidentning 2025-yil 9-sentyabrdagi PQ–280-son qarori bilan tasdiqlangan Roʻyxatga kiritilgan notarial okruglarda notarius lavozimi boʻsh boʻlgan yoki yangi lavozim taʼsis etilganda oʻtkaziladi.
Suhbat Oliy malaka komissiyasi va uning ishchi organi tomonidan amalga oshiriladi, talabgorlarning hujjatlari esa dastlab hududiy komissiyalar tomonidan koʻrib chiqiladi.
Roʻyxatdagi notarial okruglarga suhbat oʻtkazish boʻyicha «Inson va qonun« gazetasida va vazirlikning rasmiy veb-saytida eʼlon beriladi.
Talabgorning hujjatlari hududiy komissiya tomonidan 15 kun ichida koʻrib chiqilib, belgilangan talablarga muvofiq deb topilganda, Oliy malaka komissiyasiga taqdim etilishi yuzasidan xulosa tasdiqlanadi va yuboriladi.
Suhbatda talabgorlar berilgan savollarga toʻliq va aniq javob berishi, faoliyat sohasi bilan bogʻliq tizimli bilimlarga ega boʻlishi, ulardan oʻz kasb faoliyatida mustaqil foydalanishni bilishi, ijtimoiy muammolar va jarayonlarni mustaqil tahlil qila olishiga qarab baholanadi.
Roʻyxatdagi notarial okruglarda kamida 3-yil davomida notariuslikni amalga oshirganlar respublikaning istalgan boshqa hududida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius sifatida faoliyatini davom ettirishi mumkin boʻladi.
Mazkur hujjat 2026-yil 1-apreldan kuchga kiradi.