Olis tarix va yangi zamon yuzlashuvi: Namangan yana bir festivalning doimiy mezboniga aylandi

    Namanganning qadimiy Axsikent shahri yodgorligi joylashgan hududda minglab sayyohlar va sana’t ixlosmandlarini o‘ziga jalb eta olgan “Qadimiy sadolar aksi” festivali tashkil etildi.

    Festival uchun uzoq tarixga ega qadimiy Axsikent shahri yodgorligi bejizga tanlanmagan. Zero, Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan bu ko‘hna shahar xarobalari nafaqat yurtimiz ahli, balki, butun jahon jamoatchiligi e’tiborini tortgan.

    Voqeligi ikki yarim ming yilga borib taqaladigan maskan dunyo ilm-fani taraqqiyotiga munosib ulush qo‘shgan allomalar, xususan, Temuriylar sulolasining zabardast vakili – o‘n ikki yoshida taxtga o‘tirgan shoir va sarkarda Zahiriddin Muhammad Boburni tarbiyalab o‘stirgan kent sifatida ma’lum-u mashhur. Garchi, 1620-yildagi kuchli yer silkinishi gullab-yashnagan Axsi qo‘rg‘onini tamoman vayronaga aylantirgan bo‘lsada uning nomi, ajdodlardan qolgan osori-atiqalar asrlar qa’riga singib ketmadi. O‘z davrida “Farg‘ona shaharlarining onasi”, deb ulug‘langan shahriston xarobalari uzoq vaqtlardan buyon ilm vakillari va sayyohlarni qiziqtirib kelmoqda.

    Shu kunlarda Axsikentda olis tarix va yangi zamon yuzlashdi. Madaniyat va turizm vazirligi va Namangan viloyati hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Qadimiy sadolar aksi” madaniyat festivali bu yerga yaqin atrofdagi qishloqlar ahli, ma’naviyat faollari, umumta’lim maktablari yuqori sinf o‘quvchilari, san’at vakillarini to‘pladi.

    E’tiborlisi, festival davomida qadimiy Axsikent o‘zida 3 mingdan ortiq mahalliy sayyohlarni jamladi va ular tarixiy qadamjo go‘zalligidan bahra olish bilan birgalikda go‘zal san’at namunalaridan ham bahramand bo‘lishdi.

    — Bugungi tadbir chinakam bayramga aylandi. Tarixchi olimlarning chiqishlari bilan ishtirokchilarning ko‘hna shahar haqidagi tasavvurlari mustahkamlangan bo‘lsa, Zahiriddin Muhammad Bobur va avlodlarining san’atkorlar tomonidan namoyish etilgan siymolari ajdodlar qiyofasini yoshlar ko‘z o‘ngida gavdalantirdi, — deydi festivalga o‘z o‘quvchilarini olib kelgan To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 58-umumta’lim maktabi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Hamzabek Siddiqov.

    Anjuman doirasidagi badiiy dastur, Axsikentdan topilgan osori-atiqalar, shuningdek, mahalliy aholi ijodi mahsuli bo‘lgan hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmasi tadbir mazmunini boyitdi. Ishtirokchilar bu yerda tashkil etilgan osmon ostidagi muzeyga sayr qildilar. Tashkilotchilarning aytishiga qaraganda, Namangan viloyati madaniy hayotidan munosib o‘rin oladigan festivalning endilikda har yili bahorda muntazam o‘tkazilishi an’anaga aylanadi.