Prezident Shavkat Mirziyoyevning saylovdan keyingi birinchi davlat tashrifi aynan shu mamlakatga amalga oshirilgani ham oʻzaro munosobatlarning oʻziga xos ishonchliligi, davomiyligi va istiqbolli ekanidan dalolat beradi.

Davlatimiz rahbarining bu galgi tashrifi alohida jihatlari bilan ajralib turdi. Ulardan biri, hech shubhasiz, ikki mamlakat Prezidentlari Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasida Oliy davlatlararo kengash tashkil etish toʻgʻrisidagi shartnomani imzolagani boʻldi. Bu muhim strategik ahamiyatga ega kelishuv hisoblanadi.

Bu kengash mazmuni va ahamiyati nimalarda aks etadi?

Birinchidan, Oliy davlatlararo kengash yangi davrda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni rivojlantirish, mavjud va kelajakda boʻlishi mumkin boʻlgan muammolarni, xavf-xatarlarni aniqlash hamda ularni yechish yoʻllarini ishlab chiqish boʻyicha davlat rahbarlari bevosita rahbarlik qiladigan yangi formatdagi muloqot maydoni hisoblanadi. Bunday institut dunyoning barcha rivojlangan davlatlarida mavjud boʻlib, ijobiy natijalarini berib kelmoqda.

Ikkinchidan, oxirgi 30 yil davomida dunyo miqyosida xalqaro tartibotlarning oʻzgarib borishi natijasida vujudga kelayotgan yangi muammolar, yangi muhit davlatlararo diplomatik aloqalarda yangicha yondashuvlarni shakllantirishni talab qilmoqda. Muhimi shundaki, oldingi xalqaro tartibotlarni yirik davlatlar ishlab chiqib, kun tartibini belgilagan boʻlsa, hozirgi kunda rivojlanib kelayotgan yosh davlatlar ham bunday imkoniyatga ega. Shu maʼnoda ikki davlat oʻrtasidagi bunday kengashning tashkil etilishi strategik sheriklikning barcha imkoniyatlarini ishga solish hamda oʻzaro munosobatlarni uygʻunlashtirish bilan bir vaqtda, mintaqaviy va xalqaro darajadagi tashabbuslarni ilgari surishning yangi mexanizmlariga asos boʻladi.

Uchinchidan, ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar, yuqori darajadagi strategik hamkorlik siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va transport-logistika yoʻnalishlarida rivojlanib kelmoqda. Bugungi kunda ushbu jarayonlarni chuqurlashtirish, takomillashtirish bilan bir qatorda, istiqbolli jihatlarni aniqlash hamda mintaqada va jahonda yuz berayotgan jarayonlarning borishi bilan uygʻunlashtirish kun tartibiga aylandi. Bu borada Oliy davlatlararo kengash ikki mamlakatning siyosiy tajribasi, tashkiliy, ilmiy-tahliliy imkoniyatlardan foydalanib barcha darajada ochiq va keng koʻlamli muloqotlarni olib borish va zarur strategik qarorlarni ishlab chiqishga yangi shart-sharoitlar yaratadi.

Toʻrtinchidan, Oliy davlatlararo kengashda muhokama qilinadigan strategik masalalar mintaqaviy va xalqaro miqyosidagi koʻp tomonlama munosabatlarni, jumladan, BMT, TDT, MDH, YEXHT, Qoʻshilmaslik harakati va boshqa koʻp tomonlama institutlar doirasida ham samarali muloqotni davom ettirish va takomillashtirishga qulay imkon beradi.

Bugungi ziddiyatli, oxiri qanday tugashi noaniq boʻlgan xalqaro vaziyatda ikki va koʻp tomonlama aloqalarni yoʻlga qoʻyish, manfaatlarni himoya qilish hamda zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi birgalikda harakat qilish, bir-birini va ikki davlatning xududiy yaxlitligini qoʻllab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini yaratadi.

Beshinchidan, yangi logistika zanjirlarini rivojlantirish va infratuzilmani barpo etish, yuk tashish hajmini koʻpaytirish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish, ikki mamlakat hududlararo aloqalarining imkoniyatlarini faollashtirish, yangi kooperatsiya loyihalari, gumanitar almashinuvlarni ilgari surish uchun joylarda muntazam muloqotni kengaytirish va chuqurlashtirishga mustahkam zamin hozirlaydi.

Oltinchidan, barcha yoʻnalish va jabhalardagi bitimlar, kelishuvlar va shartnomalarni samarali amalga oshirish uchun strategik shart-sharoitlar yaratadi.

Fikrimizcha, davlatlararo aloqalar oliy darajada rasmiylashtirilishi, Prezidentlarning bunday formatdagi samimiy uchrashuvi munosabatlarimiz rivojlanishida muhim ahmiyat kasb etadi. Shu maʼnoda aytish joizki, Oliy davlatlararo kengash Ozarbayjon va Oʻzbekiston oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikning barcha darajalarini va qirralarini, shakllarini amalga oshirishda siyosiy, tashkiliy, huquqiy, iqtisodiy, insoniy va ijtimoiy resurslarni jadal surʼatlarda safarbar qilish, oʻzaro manfaatli natijalarga erishishning zamonaviy formatdagi siyosiy-diplomatik muloqot shakli sifatida ham ahamiyatli.

Oliy davlatlararo kengashga Prezidentlar boshchilik qilishi esa xalqaro munosabatlarning hozirgi holatida geosiyosiy va geoiqtisodiy shart-sharoitlarni birgalikda chuqur mushohada etishga undaydi. Shu bilan birga  hamkorlikda qarorlar ishlab chiqish va uni amalga oshirishning yangi mexanizmlarini ishga tushiradi hamda oʻzaro strategik sheriklikni chuqurlashtirish kafolati boʻlib xizmat qiladi.

Sayfiddin JOʻRAYEV,

siyosiy fanlar doktori, professor