Shuningdek, tadbirda Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Vengriya, Shimoliy Kipr parlamentlari aʼzolari, Turkiy davlatlar parlament assambleyasi raisi, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (Turksoy) va Turkiy investitsiya jamgʻarmasi vakillari ham qatnashdi.

Yigʻilishda turkiy davlatlar oʻrtasida koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli hamkorlikni ildam rivojlantirishga, strategik sheriklikni mustahkamlash va parlamentlar oʻrtasida ishonchli munosabatlar oʻrnatishga eʼtibor qaratildi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari taʼkidlaganidek, turkiy davlatlar rahbarlari oʻrtasidagi ochiq va pragmatik munosabatlar ikki va koʻp tomonlama aloqalarni rivojlantirishda mustahkam asos boʻlib xizmat qiladi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilayotgan xalqaro tashabbuslarda parlament ishtirokining ahamiyati ham qayd etildi.

Ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohalarda hamkorlikni yaxshilash, turkiy davlatlar oʻrtasidagi qoʻshma loyihalar va kelishuvlarning parlament nazorati orqali roʻyobga chiqarilishini taʼminlash muhimligiga eʼtibor qaratildi.

Yigʻilish ishtirokchilari xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlarni va parlamentlararo aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlarni davom ettirishga kelishib oldi.

Tadbir yakunida Turkiy davlatlar parlament Assambleyasi xalqaro ishlar boʻyicha qoʻmitalari raislari uchrashuvi qoʻshma bayonoti qabul qilindi hamda Turkiy davlatlar parlament Assambleyasining xalqaro ishlar boʻyicha qoʻmitalari raislarining kelgusi uchrashuvini Qirgʻizistonning Bishkek shahrida 2025-yil sentyabr oyida oʻtkazishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.