Bugun tashrif doirasida Spiker N.Ismoilov Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilxom Aliyev bilan uchrashdi. Taʼkidlanganidek, Ozarbayjon tarixiy, til va madaniy yaqinliklari bilan bogʻlagan qardosh Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor.

Uchrashuvda ikki tomonlama koʻp qirrali munosabatlarning rivojlanish dinamikasi yuqori baholanib, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Samimiy muloqot chogʻida Oʻzbekiston – Ozarbayjon oʻrtasidagi koʻp tomonlama aloqalarni izchil rivojlantirish, parlamentlararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda Spiker N.Ismoilov Ozarbayjon Prezidenti I.Aliyevga 28-may – Ozarbayjon Mustaqilligi kuni munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning tabrik maktubini topshirdi.

Konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuvda ikki tomon manfaatlariga xizmat qiluvchi boshqa masalalar ham muhokama qilindi, deb xabar beradi Oliy majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.