Onlayn uchrashuvda Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Timoti Torlou ishtirok etdi.

Tomonlar inson huquqlari sohasidagi qonunchilikni tatbiq etishdagi ustuvorliklarni, ikki davlat parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatda inson huquqlarini himoya qilish, bu borada xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka iplementatsiya qilish masalalari bilan bogʻliq qonunchilik va tashkiliy-huquqiy asoslarni mustahkamlash, buning uchun xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va tegishli xalqaro majburiyatlarni bajarish, shuningdek inson huquqlarini himoya qilish masalalarida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Elchi R.French mazkur sohada koʻrilayotgan chora-tadbirlarga yuqori baho berib, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi qabul qilinganligini qoʻllab-quvvatladi.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish, gender tenglikni taʼminlash, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish, qonunchilikni yangilash boʻyicha ishlar ham ijobiy baholandi.

Oʻzbekistonni BMTning inson huquqlari boʻyicha Kengashiga saylangani bilan qutlab, R.French Britaniya tomoni Inson huquqlari boʻyicha Kengashining maqsad va vazifalarini amalga oshirishga koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi.

R.French Oʻzbekistonning mazkur yoʻnalishda qisqa muddatda erishgan yutuqlari yuksak bahoga loyiq ekanligini qayd etdi. Gender tenglik va majburiy mehnatning oldini olish kabi sohalarda erishilgan natijalar bunga yaqqol misol boʻla oladi. Shuningdek, soʻz va matbuot erkinligini taʼminlashdagi yutuqlar ham qayd etildi.

Mazkur sohada olib borilayotgan islohotlar va koʻrilayotgan chora-tadbirlar jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilganini taʼkidlab, Buyuk Britaniyaning inson huquqlari boʻyicha Elchisi R. French Oʻzbekiston kelgusida bu boradagi ishlarini davom ettirishi hamda boshqa mamlakatlarga oʻrnak boʻlishi, oʻz tajribasi bilan oʻrtoqlashishiga umid bildirdi.

T.Torlou Oʻzbekiston parlamenti bilan inson huquqlari va gender tenglik hamda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish masalalari boʻyicha yaqin hamkorlikni taʼkidlab, Oʻzbekiston Buyuk Britaniyaning Markaziy Osiyodagi ustuvor sherigi ekanligini qayd etdi.

Tomonlar oʻzaro fikr almashdilar va kelgusida inson huquqlari sohasida oʻzaro hamkorlik qilish uchun aloqalarni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati