Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi va Jahon banki oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari haqida fikr almashildi.

Jahon banki vitse-prezidenti mamlakatimizda olib borilayotgan demokratik islohotlarga, ijtimoiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda erishilgan yutuqlarga, shuningdek fuqarolar salomatligini asrash yoʻlida pandemiya oqibatlarini yumshatishga, aholi farovonligini taʼminlash va mamlakat iqtisodiyotini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan saʼy-harakatlarga yuqori baho berdi.

A.Byerde xotin-qizlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, gender tenglikni va mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida ularning keng ishtirokini taʼminlash borasida Oʻzbekiston erishgan yutuqlarga alohida urgʻu berdi.

Jahon banki bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berishga, mehnat normalarini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirishga qaratilgan Oʻzbekiston saʼy-harakatlarini olqishladi.

Shuningdek, tomonlar parlamentarizmni, yoshlar va xotin-qizlar, eng avvalo qishloq joylarda yashayotgan yoshlar va xotin-qizlar orasida tadbirkorlikni rivojlantirish, shuningdek inson kapitalini yuksaltirish boʻyicha taklif etilayotgan istiqbolli loyihalarni ham muhokama qildilar.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati