Oliy Majlis Senati Raisi Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 23 Sentabr 2021 1104

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbayeva Qirgʻizistonga rasmiy tashrifi doirasida Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti S.Japarov bilan uchrashdi.

    Qirgʻiziston Prezidenti mustaqillikning 30 yilligi nishonlanayotgan kunlarda amalga oshirilgan ushbu tashrifning ahamiyati va muhimligini qayd etdi. Shuningdek, u qardosh oʻzbek xalqini mamlakat mustaqilligining 30 yilligi bilan tabrikladi.

    Tomonlar munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari, shu jumladan, parlamentlararo va mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.

    Prezident S.Japarov doʻstlik, ahil qoʻshnichilik va strategik hamkorlik tamoyillariga asoslangan Qirgʻiziston-Oʻzbekiston munosabatlari yuksak darajaga yetganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Ikki davlat rahbarlarining ochiq va ishonchli aloqalari Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni mustahkamlashning muhim asosi ekanini taʼkidladi. Shu nuqtayi nazardan Prezident S.Japarov ikki tomonlama hamkorlikda joriy yilning mart oyida Toshkentga amalga oshirgan davlat tashrifi muhimligini qayd etdi.

    S.Japarov Oʻzbekistonning gender siyosatini amalga oshirish, xotin-qizlar huquqlarini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlari, shu jumladan, “Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti” tashabbusiga yuqori baho berdi. Shu kunlarda boʻlib oʻtayotgan “Qirgʻiziston va Oʻzbekiston tadbirkor ayollari muloqoti” biznes-forumiga muvaffaqiyat tiladi va bunday loyihalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati rahbari T.Narbayeva samimiylik va mehmondoʻstlik uchun Qirgʻiziston tomoniga chin dildan minnatdorlik bildirdi. Senat rahbari Oʻzbekiston Respublikasi Oʻzbekiston rahbari Qirgʻizistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni toʻla qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

    Suhbat davomida tomonlar yuksak darajadagi kelishuvlarni amalga oshirishning huquqiy asosini mustahkamlash va samarali parlament nazoratini taʼminlash, ikki mamlakat mintaqalari oʻrtasidagi hamkorlik, shu jumladan, chegara hududlarining mahalliy munitsipal Kengashlarining samarali aloqalarini faollashtirishga qaratilgan ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish, shuningdek, ikki mamlakat aholisining keng qatlamlari oʻrtasida yaqin madaniy-gumanitar aloqalar va muloqot uchun barcha zarur qulay shart-sharoitlar yaratishning muhimligini taʼkidladilar, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.