Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Jenevaga rasmiy tashrifi doirasida Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) bosh direktori Jilber Ungo bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuvda ham aynan hamkorlikning yangi bosqichi, oldingi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarning holati va natijalariga eʼtibor qaratildi.
Jumladan, munosib mehnat tamoyillarining tizimli tatbiq etilishi hamda XMT bilan ijtimoiy adolat Global koalitsiyasi doirasidagi hamkorlik va istiqboldagi rejalar muhokama etildi.
Shuningdek, Oʻzbekistonda kambagʻallikni qisqartirish hamda aholi farovonligi sari yuksaltirishga qaratilgan dasturning joriy etilganligi, unda Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan tavsiya etilgan standartlar inobatga olinganligi alohida taʼkidlab oʻtildi.
Shu bilan birga, uchrashuvda munosib mehnat tizimini takomillashtirishda qonunchilikka oid islohotlarning ahamiyati haqida fikr yuritildi hamda shu oʻrinda parlamentning taʼsirchan kuchi va vakolatlaridan samarali foydalanish yuzasidan fikr almashildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.