Majlisda senatorlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2021-yil 16-18-dekabr kunlari Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlarda yangi bosqich boʻlganini hamda hamkorlikni strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga olib chiqqanini taʼkidladi.
Davlatimiz rahbarining tashrifi yakunlariga koʻra tub burilish yasaydigan keng koʻlamli kelishuvlarga erishilganiga urgʻu berildi.
Jumladan, mashinasozlik, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik sanoati, farmatsevtika, geologiya, IT-texnologiya, “yashil” energetika kabi sohalarda qiymati 5 milliard dollardan ortiq boʻlgan investitsiya va moliyaviy bitimlarning katta paketi imzolandi.
Tashrif chogʻida xalq diplomatiyasining muhim elementi sifatida parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi.
Davlat tashrifi yakunlari boʻyicha Prezidentning “Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 28-dekabrdagi 67-son qarori qabul qilindi, unda amaliy harakatlarning uchta rejasi (“yoʻl xaritalari”) nazarda tutildi.
Muhokamalar doirasida senatorlar oliy darajadagi tashriflar chogʻida erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan tizimli parlament nazoratini oʻrnatish, vazirlik va idoralarning bu boradagi saʼy-harakatlarini birlashtirish va yuzaga kelayotgan muammolarni tezkorlik bilan hal etish muhimligini taʼkidladi.
Shu munosabat bilan Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik boʻyicha Senat komissiyasini tuzish tashabbusi taklif etildi.
Qonun ijodkorligi va nazorat faoliyati sohasida tajriba almashish, Janubiy Koreya moliya institutlari tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalar samaradorligini oʻrganish, Janubiy Koreya bilan amalga oshirish rejalashtirilgan investitsiya loyihalari boʻyicha vazirlik va idoralarning takliflarini koʻrib chiqish, shuningdek, mintaqalararo aloqalarni oʻrnatish va kengaytirish, ikki tomonlama munosabatlarning rivojlanish dinamikasini tahlil qilish mazkur tuzilmaning asosiy vazifalari boʻlishi kerak.
Senatorlar, shuningdek, ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun maydon yaratilishi mamlakatlar oʻrtasidagi kelishuvlar asosida qoʻyilgan vazifalar ijrosi yuzasidan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining hisobotlari va axborotini eshitish imkonini berishini ham taʼkidladi.
Muhokama yakunlari boʻyicha Senat qarori qabul qilindi. Unga koʻra senatorlar va tegishli vazirlik hamda idoralar, kompaniyalar va fuqarolik jamiyati institutlari rahbarlari kiritilgan Komissiyaning Nizomi hamda shaxsiy tarkibi tasdiqlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.