Oʻzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamentining maʼlum qilishicha, Norin tumani Ulugʻbek koʻchasida yashovchi voyaga yetmagan 16 yoshli M.B. boshqalar bilan oldindan oʻzaro jinoiy til biriktiradi.

Guruh internet orqali kiberhujum uyushtirishni oʻzlashtirib oladi va 2-noyabr kuni Senatning “www.senat.uz” saytiga hamda boshqa saytlarga ham hujum uyushtiradi.

Mazkur holat yuzasidan Norin tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlinmasi tomonidan holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 278-2-moddasi 2-qismi “a” bandi (Kompyuter axborotidan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Hozirda jinoyat ishi boʻyicha kelgusi tergov harakatlarni amalga oshirish maqsadida IIV huzuridagi Tergov departamenti ish yurituviga qabul qilingan. Tergov yakuniga koʻra barcha aybdorlarga qonuniy chora koʻrilishi taʼminlanadi.

Eslatib oʻtamiz! Kompyuter axborotidan, yaʼni axborot-hisoblash tizimlari, tarmoqlari va ularning tarkibiy qismlaridagi axborotlardan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish, yoʻq qilib yuborish, toʻsib qoʻyish, modifikatsiyalashtirilish, undan nusxa koʻchirilish, yoxud uning qoʻlga kiritilishi, elektron hisoblash mashinalari, elektron hisoblash mashinalari tizimi yoki ularning tarmoqlari ishining buzilishi uchun javobgarlik belgilangan.