Davlatimiz rahbari oliy taʼlimda faoliyat koʻrsatayotgan ziyolilar, olimlar, oʻqituvchilarning jamiyat rivojidagi oʻrnini toʻgʻri va xolis baholadilar. Haqiqatdan ham taʼlim dargohlarida tarbiyaviy ishlarni olib borilishi bugungi axborot zamoniga javob beradigan darajada emas. Buni hayotning oʻzi isbotlab qoʻymoqda.

Davlatimiz rahbari barcha tarbiyaviy jarayonlarda olimlarning ishtirokini taʼminlash boʻyicha koʻrsatma berdilar. Ayniqsa bu yoʻnalishdagi tashabbuslar orasida har bitta mahallaga bittadan ziyolilarni biriktirish taklifi oʻziga xosdir. Bu borada Andijon tibbiyot instituti tashabbuskor boʻladi va ustozlarimiz maʼnaviy muhit boʻyicha ham oʻz loyihalarini taqdim etadilar.

Bundan tashqari davlat rahbarining oliy taʼlimda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha maxsus kengash tuzish taklifini kiritgani tizimdagi maʼnaviy muhitda tub burilish yasaydi. Ushbu tashabbusdan kelib chiqib, Andijon tibbiyot institutida oʻqituvchilardan boshlab maʼnaviy namuna imijini shakllantirishga eʼtibor qaratmoqchimiz. Bu yoʻlda bizga Prezidentimizning ayni ushbu maʼruzalari koʻmakchi boʻladi. Ular tomonidan bu kengashning vazifalari aniq qilib belgilab berildi. Demak bizlardan toʻgʻri ijro talab etilyabdi xolos.

Shuningdek, maʼruzada Oliy taʼlim sohasida maʼnaviy-tarbiyaviy ishlarni muvofiqlashtirish maʼnaviyat markazlari bilan birgalikda tashkil etilishiga alohida eʼtibor qaratildi. Bizning institut va maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi bilan tizimli hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Bundan buyon ham yoʻnalishlarga ajratgan holda yangi hamkorlik bitimlarini tuzib, reja asosida maʼnaviyat soatlarini tashkil qilib boramiz.

Shu oʻrinda aytish oʻrinliki, rektorlar va barcha boʻlim boshliqlarining shaxsan oʻzlari maʼnaviy ibrat namunasi boʻlmogʻi kerak.

Biz viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi bilan hamkorligimizni ham yana-da mustahkamlagan holda, maktablarni nafaqat bilim va saviya jihatidan, balki maʼnaviy maʼrifiy ishlarda ham otaliqqa olishimiz, ularga metodik yordam koʻrsatib, yaqindan yordam berishimiz kerak. Bolalarimiz telefon yoki internet orqali emas, buyuk ajdodlarimizdan meʼros- milliy qadriyatlarimiz, anʼana va urf odatlarimizning ibrati ila tarbiya topmogʻi lozim. Mana shu oʻrinda oliy taʼlim va umumiy oʻrta taʼlim tizimlari oʻrtasi ustoz va shogird anʼanalarini yoʻlga qoʻyish samarali natijalarni beradi. Xulosa qilib aytganda Andijon tibbiyot instituti tibbiy izlanish bilan bir qatorda jamiyatning joni va ruhi boʻlgan maʼnaviy barkamollik sari ildam boradi.

M.Madazimov,

Andijon tibbiyot instituti rektori, professor