Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi va “el-yurt umidi” jamg'armasi hamkorligida milliy oliy ta'lim muassasalarini xalqaro nufuzli reytinglarga kirishga tayyorlash, xorijda yoshlar malakasini oshirish, stajirovkasini tashkil etish, ularni doktorantura va magistraturada maqsadli o'qitish va integratsiya jarayonlari muhokamasiga bag'ishlab o'tkazilgan videoseminarda bu bo'yicha raqamlar ma'lum qilindi.

Tadbirda oliy ta'lim muassasalarining milliy va xalqaro reyting indikatorlari bo'yicha qayd etayotgan natijalariga ham to'xtalib o'tildi.

Xususan, oliy ta'lim muassasalarining ilmiy salohiyati va ilmiy tadqiqot faoliyati orqali topgan mablag'i xalqaro tan olingan agentliklar reytingida hamda milliy reytingda alohida indikator sifatida kiritilgan.

Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi boshlig'i Ulug'bek Toshkenboevning ta'kidlashicha, 2020 yili e'lon qilingan reyting natijalariga ko'ra, bir nafar professor-o'qituvchining ilmiy tadqiqot faoliyati natijalari asosida olingan mablag'lar ulushi bo'yicha eng yuqori o'rinni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti band etgan. eng quyi o'rin esa tadqiqotlardan umuman mablag' ishlab topmagan Navoiy davlat pedagogika institutiga tegishli.

Oliy ta'lim muassasalarining ilmiy salohiyati 2017 yilda 30,6 foiz, 2018 yilda 34,1 foiz va 2019 yilda 35,5 foiz natija qayd etib, so'nggi 3 yilda o'rtacha 5 foiz oshgan.

Milliy oliy ta'lim muassasalarining ilmiy tadqiqot faoliyati orqali topgan mablag'lari hajmi esa mazkur davrda to'rt barobar ko'paygan. Jumladan, 2017 yilda 51,1 milliard, 2018 yilda 143,4 milliard, 2019 yilda 214,7 milliard so'm ishlab topilgan.

Bir nafar professor-o'qituvchining ilmiy tadqiqot faoliyati natijalari asosida olingan mablag'lar ulushi bo'yicha eng yuqori o'rinlarni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent axborot texnologiyalar universiteti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muxandislari instituti band qilgan.

Ilmiy tadqiqot faoliyati natijalari asosida topilgan mablag'larning bir nafar professor-o'qituvchiga to'g'ri keladigan ulushi bo'yicha eng past ko'rsatkich Farg'ona davlat universiteti, Qo'qon davlat pedagogika instituti, O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti, Nukus davlat pedagogika instituti hamda Navoiy davlat pedagogika institutida qayd etildi.

So'nggi uch yilda oliy ta'lim tashkilotlarining ilmiy salohiyati va ilmiy tadqiqot ishlarining natijadorligida ijobiy dinamika kuzatyapmiz, lekin bu real sektor ehtiyojlarini qoniqtirmayapti, xalqaro darajada chiqish uchun etarli emas. SHunday ekan ushbu ko'rsatkichlarni yaxshilash uchun birgalikda chora-tadbirlar ko'rishimiz zarur, dedi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi boshlig'i.