Bilimlar tez eskiradi, kasblar mazmuni doimiy ravishda yangilanib bormoqda. Shu bois inson butun hayoti davomida yangi kompetensiyalarni, ayniqsa muloqot, jamoada ishlash, tanqidiy fikrlash va muammolarni hal qilish kabi mobil ko‘nikmalarni o‘zlashtirishi lozim.

Mazkur jarayonni samarali tashkil etish ta’lim tizimini mehnat bozori bilan uzviy bog‘laydigan raqamli mexanizmlarni joriy etishni talab etadi. Shu nuqtai nazardan, Lifelong Learning – hayot davomida ta’lim olish modeli zamonaviy mehnat bozori talablariga mos, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda strategik ahamiyatga ega. Ushbu yondashuv inson kapitali rivojini uzluksiz jarayon sifatida qarab, bilim va kompetensiyalarni doimiy yangilashni nazarda tutadi.

Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida “kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish” ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Ta’kidlanganidek, har yili mehnat bozoriga qariyb 300 ming nafar oliy ma’lumotli yoshlar kirib kelmoqda. Bu esa oliy ta’lim tizimi bilan ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishni talab qiladi. Shu maqsadda bitiruvchilar va ish beruvchilar o‘rtasida samarali “ko‘prik” vazifasini bajaradigan raqamli ekotizim yaratish tashabbusi ilgari surilmoqda. Ushbu platforma orqali talabalarning akademik ko‘rsatkichlari, egallagan kompetensiyalari hamda korxonalardagi mavjud vakansiyalar haqidagi ma’lumotlar onlayn rejimda integratsiya qilinadi. Natijada talabalar o‘z imkoniyat va qiziqishlariga mos ish o‘rinlarini topish imkoniga ega bo‘lsa, ish beruvchilar malakali kadrlarni tezkor va shaffof tarzda saralash imkoniyatiga erishadi.

Ishchi kuchi sifatini oshirish, kadrlarni aniq tarmoq ehtiyojlari asosida rejalashtirib tayyorlash va ularni zamonaviy talablar asosida qayta o‘qitish barqaror iqtisodiy taraqqiyotning hal qiluvchi omillaridan biridir. Ushbu jarayon esa an’anaviy usullar emas, balki raqamli tahlil va monitoringga asoslangan yondashuvni talab etadi.

Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda ta’lim tizimi bilan mehnat bozori o‘rtasidagi nomutanosibliklar tanqidiy tahlil qilindi. Xususan, oliy ta’lim muassasalari tayyorlayotgan kadrlar soni va sifati bilan ish beruvchilarning real ehtiyojlari o‘rtasida jiddiy tafovut mavjudligi qayd etildi.

Masalan, engil sanoat tarmog‘i yiliga 4 ming nafar yuqori malakali mutaxassisga ehtiyoj sezsa-da, amalda 2,5 ming nafar bitiruvchi tayyorlanmoqda. Bundan tashqari, bitiruvchilarning 42 foizi zamonaviy texnologik uskunalarda ishlash ko‘nikmalariga yetarli darajada ega emas. Bu holat kadrlar tayyorlash jarayonida amaliyot va ishlab chiqarish bilan integratsiya yetarli emasligini ko‘rsatadi.

Ayni paytda bunday nomutanosibliklarni bartaraf etishning eng samarali
yo‘li – kadrlar tayyorlash tizimini raqamli ekotizim asosida boshqarish, ya’ni tarmoq ehtiyojlarini doimiy monitoring qilish, ta’lim dasturlarini real ma’lumotlar asosida yangilab borish va kompetensiyalar xaritasini shakllantirishdan iboratdir.

2025-yil statistika ma’lumotlariga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalarini 231 ming nafar bitiruvchi tamomlagan bo‘lsa, ularning faqat 125 ming nafari rasmiy ishga joylashgan, 42 ming nafari esa o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida qayd etilgan. Bu raqamlar ta’lim tizimi va mehnat bozori o‘rtasidagi nomutanosiblikni yaqqol ko‘rsatadi va zamonaviy raqamli monitoring hamda integratsiya mexanizmlarini joriy etish zarurligini namoyon qiladi.

Shu munosabat bilan Prezident tomonidan “tarmoq – korxona – oliygoh” o‘zaro hamkorlik zanjirini yaratish va uni amaliyotga kiritish vazifasi belgilab berildi. Bunday yondashuv, raqamli ekotizim orqali, ta’lim jarayonini ishlab chiqarish va ilmiy faoliyat bilan integratsiya qilishga, kadrlar tayyorlashni aniq va samarali yo‘naltirishga xizmat qiladi.

Mazkur yo‘nalishdagi islohotlarning davlat siyosati darajasida qo‘llab-quvvatlanayotganini tasdiqlovchi muhim hujjatlardan biri – “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-232-son Farmon hisoblanadi. Unda ta’lim – tadqiqot – amaliyot integratsiyasini ta’minlash, dual va klinik ta’limni joriy etish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish hamda muammoli vaziyatlarni tahlil qilish, mustaqil qaror qabul qilish, muloqot va jamoada ishlash kabi mobil ko‘nikmalarni shakllantirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.

Bu Farmon, shuningdek, raqamli ekotizimni markazga olib, kadrlarni tayyorlash jarayonini bozor talablariga muvofiqlashtirish, talabalarning kompetensiyalarini uzluksiz monitoring qilish va ularni zamonaviy ish muhitiga integratsiya qilish mexanizmlarini huquqiy asosda ta’minlaydi.

Bugungi sharoitda Lifelong Learning modeli faqat oliy ta’lim bilan cheklanib qolmay, balki butun umr davomida kasbiy qayta tayyorgarlik, malaka oshirish va yangi kompetensiyalarni shakllantirishni nazarda tutadi. Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, rivojlangan davlatlar mazkur modelni keng joriy etish orqali mehnat bozori talablariga mos va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda yuqori natijalarga erishmoqda.

Ushbu model quyidagi imkoniyatlarni ta’minlaydi:

  • amaliy ko‘nikmalarni samarali rivojlantirish;
  • mehnat bozori talablariga tez va moslashuvchan javob berish;
  • kasbiy qayta tayyorgarlik va malaka oshirish imkoniyatlarini kengaytirish;
  • shaxsiy va kasbiy rivojlanishni rag‘batlantirish.

Talabaning kompetentligi esa uning bilim, ko‘nikma, malaka va qadriyatlarini turli hayotiy va kasbiy vaziyatlarda mustaqil qo‘llay olishi, faoliyat usullarini ongli tanlashi va qarorlari uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi orqali namoyon bo‘ladi. Hayot davomida ta’lim olish konsepsiyasi doirasida kompetentlik yakuniy natija emas, balki uzluksiz shakllanib, rivojlanib boruvchi dinamik jarayon sifatida talqin etiladi. Bu esa mutaxassisning kasbiy va universal kompetensiyalarini muntazam yangilash va takomillashtirishga tayyorligini ta’minlaydi.

 

Xusainova Firuza,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Huquq, jamiyat va madaniyat shu‘basi dotsenti