Mazkur xabar ijtimoiy tarmoqlarda turli xil talqin qilinib, keng jamoatchilik, ayniqsa talaba-yoshlar va ularning ota-onalari orasida ayrim tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi mazkur holat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qildi:

Talabalarga qulaylik yaratish, doimiy yashash hududidan taʼlim muassasalariga xavfsiz, tirbandliklarsiz yetib kelishlari, joylarda avia va temir yoʻl chiptalarini almashtirishdagi noqulayliklarning oldini olish hamda talabalarning ijara uylari va yotoqxonalariga ortiqcha qiyinchiliklarsiz joylashishlarini taʼminlash maqsadida oliy taʼlim muassasalarida oʻquv jarayonlari 7-fevraldan 24-fevralga qadar bosqichma-bosqich anaʼnaviy shaklga oʻtkaziladi. Bu oraliqdagi dars mashgʻulotlari ham masofaviy, ham anʼanaviy shaklda olib boriladi.

Bu jarayon har bir oliy taʼlim muassasasining ichki imkoniyatlari, oʻquv jarayonining hozirgi holati, mavjud shart-sharoitlarini inobatga olgan holda alohida reja-grafik asosida amalga oshiriladi. Bu haqdagi maʼlumotlar har bir taʼlim maskanining rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlari orqali berib boriladi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 24-fevraldan boshlab oʻquv yurtlarida taʼlim jarayonlari toʻliq anʼanaviy shaklda olib borilishini maʼlum qiladi.