Hozirda koʻp qavatli uylarda istiqomat qiluvchilar tomonidan uyning birinchi qavatiga tutash yerlarni oʻzboshimcha oʻrab olish orqali guyoki “hovli” qilib olish holatlariga koʻplab guvoh boʻlish mumkin. Aslida-chi, bu hovlimi?
Atrofdagilardan pana qilish maqsadida devorlar koʻtarib oʻrandingiz, hattoki darvozalar oʻrnatdingiz, lekin, uyning yuqori qavatida yashovchi qoʻshnilar-chi? Axir ularga kaftdek namoyonku!
Olmaliq shahri X.Olimjon MFY, Fahriylar hamda Oʻzbekiston koʻchalarida joylashgan uylarda yashovchi fuqarolar tomonidan yer maydonlari oʻzboshimcha oʻrab olinganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Kadastr agentligi Olmaliq shahar boʻlimi xodimlari tomonidan mahallada tushuntirish ishlari olib borilib, fuqarolarga ogohlantirishlar berilgan.
Olib borilgan profilaktik suhbatlar natijasida ushbu noqonuniy qurilmalar fuqarolarning oʻz ixtiyorlari bilan bartaraf etildi.