2023-yil 24-iyul kuni jinoyat ishlari boʻyicha Olmaliq shahar sudining sayyor majlisida sudlanuvchi S. X. (2004-yilda Toshkent viloyatida tugʻilgan, muqaddam sudlanmagan) ga oid jinoyat ishi koʻrib chiqildi.

Eʼlon qilingan sud hukmiga koʻra S. X. Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga 2 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 6 yil muddatga ozodlikdan maxrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarida oʻtash belgilandi.

Oliy sud Plenumining 2006-yil 3-fevraldagi “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti toʻgʻrisida”gi 1-sonli Qarorining 3-bandiga asosan “Jinoyat kodeksining 8, 54-moddalari mazmuniga koʻra, jazo adolatli boʻlishi - har bir holatda individual tayinlanishi, jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga, aybdorning shaxsiga, shuningdek jazoni yengillashtiruvchi va ogʻirlashtiruvchi holatlarga muvofiq boʻlishi kerak” deb tushuntirilgan.

Jinoyat kodeksining 55-moddasiga koʻra sudlanuvchining aybini yengillashtiruvchi holat deb, uni birinchi marta jinoyat sodir qilgani, sodir etgan jinoyatidan chin koʻngildan pushaymonligi inobatga olinib, Jinoyat kodeksining 56-moddasiga koʻra sudlanuvchining aybini ogʻirlashtiruvchi holat aniqlanmadi.

Jazo tayinlashda sud sodir etilgan jinoyatning ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgani, jinoyat oqibatida bir qiz vafot etgani, ikkinchi qiz oʻrtacha ogʻir tan jaroxati olganini, sudlanuvchining shaxsini, yoshligini, hali uylanmaganini, yashash joyidan ijobiy tavsiflanganini, jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zarar qoplanmaganligini inobatga oldi.

Maʼlumot uchun: Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlik uchun muayyan huquqdan mahrum qilib, oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Jabrlanuvchi va ularning qonuniy vakillariga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararni undirish boʻyicha fuqarolik ishlari boʻyicha sudga murojaat qilish huquqlari tushuntirildi.

Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent viloyat sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi maʼlum qilinadi.