Qish-bahor mavsumida ham ichki bozorga uzum yetkazib berish, eksport salohiyatini oshirish maqsadida tumanda 68 ming 800 tonna sigʻimga ega 83 ta muzlatgichli omborxonalar tashkil etilgan.

Yaqinda tumandagi “Qapchugʻay mevalari” agrofirmasida Italiyadan zamonaviy qadoqlash texnologiyasi olib kelib oʻrnatildi. Hozirda Oltiariq uzumi ixcham qutilarga qadoqlangan holda eksportga joʻnatilmoqda. Bu mevani sifatli saqlash, chiroyli koʻrinishga ega boʻlishini taʼminlash hamda tashishga yaroqlilik muddatini oshirish imkonini beradi.

Yangi loyihaning ishga tushirilishi natijasida 10 dan ortiq doimiy ish oʻrinlari yaratildi. Shuningdek, talab va ehtiyojga qarab mavsumiy ishchilar ham jalb etiladi.

- Mahsulotning bozorda oʻz oʻrniga ega boʻlishi, xaridorgirligini oshirishda uning koʻrinishi, sifati va dizayni muhim ahamiyatga ega, - deydi tadbirkor Husanboy Sanginov. - Uzum oʻrtacha 0,8-1 kg hajmda qadoqlanishi xaridorlarga manzur boʻlmoqda. Bunda mahsulot sifati borasida unda hech qanday ikkilanish boʻlmaydi.

Taʼkidlash kerakki, loyiha tashabbuskorlari ushbu tajriba yaxshi samara bersa, ish hajmi va koʻlamini oshirish, shuningdek, erta bahordan gilos, shaftoli, oʻrik singari sarxil mevalarni ham Italiya texnologiyasi yordamida qadoqlagan holda eksportga chiqarishni rejalashtirmoqda.