Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat hokimining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshligʻi Muhsinxoʻja Abdurahmonov, viloyat sektorlari rahbarlari ishtirok etdilar.
Fargʻona viloyati tadbirkorlari va viloyatning xorijiy hamkorlarini birlashtirgan “Oltin Vodiy” tadbirkorlar klubining ilk uchrashuvi 65 nafar mahalliy ishbilarmonlar hamda 32 nafar chet ellik sarmoyadorning oʻzaro muloqot platformasiga aylandi.
“Oltin vodiy” Tadbirkorlar klubida doimiy uchrashuvlar erkin muloqot tarzida, oʻzaro bahslashuv, muzokaralar yoʻli bilan yangi gʻoyalarni oʻrtaga tashlash, uni amalga oshirish boʻyicha maslahatlashuv tartibida boʻlib oʻtadi. Klub oʻz faoliyatiga birorta davlat idoralari aralashmagan, nodavlat notijorat shaklida ishlaydigan uyushma sifatida ish olib boradi.
Viloyat rahbari uchrashuv chogʻida taʼkidlaganidek, klubni tashkil etishdan asosiy maqsad tadbirkorni tadbirkor bilan uchrashtirib, ularni gʻoyalari, fikrlarini hayotga tatbiq qilish, viloyatdagi mahalliy va xorijiy ishbilarmonlik doiralarida oʻzaro hamjihatlikni oshirish. Qayerda tadbirkorlikka yaxshi muhit yaratilsa, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash boʻladigan boʻlsa, ular erkin faoliyat koʻrsatadigan boʻlsa birinchi tadbirkor ikkinchi tadbirkorni boshlab keladi, ularda ishonch paydo boʻladi. Mana shu ishonchni mustahkamlash uchun ham “Oltin Vodiy” tadbirkorlar klubi oʻz faoliyatini boshladi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov “Oltin vodiy” Tadbirkorlar klubining faxriy rahbari etib saylangan boʻlsa, mahalliy tadbirkor Avazxon Paygʻamov klubning raisi sifatida faoliyat yuritadigan boʻldi.
Tuzilmaning har bir shahar va tumanda xorijiy tillarni yaxshi biladigan, oʻz biznesiga va gʻoyasiga ega vakillari boʻladi. Ularning vazifasi har bir hududdan yangi biznes loyihalarni izlab topish boʻladi. Har hafta ular jamlagan loyihalar viloyat hokimiga taqdim etib boriladi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad – joylarda tadbirkorning istiqbolli loyihasini ilgʻab, uni qoʻllab-quvvatlash uchun klubning tadbirkorlik koʻnikmasiga ega aʼzolari koʻmak berishadi. Zero tadbirkorning tilini tadbirkor tushunadi.
Har oyda bir marta “Oltin vodiy” Tadbirkorlar klubining norasmiy muhitda “galstuklarsiz” uchrashuvi oʻtkazilishiga kelishib olindi.