Joriy yilning 25-fevral kuni Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman)ning 2020-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot atroflicha koʻrib chiqildi.
Majlisda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili Feruza Eshmatova hisobot bilan soʻzga chiqdi.
Maʼlumki, 2020-yil dunyo hamjamiyatida koronavirus pandemiyasi kechganligi bilan boshqa yillardan tubdan farq qildi. Pandemiya barcha mamlakatlar qatori Oʻzbekistonga ham oʻzining taʼsirini oʻtkazmasdan qolmadi. Asosiy maqsad, insonlarni hayotini saqlab qolish va mamlakat iqtisodiyotini qoʻllab quvvatlashdan iborat edi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha Vakili (Ombudsman) tomonidan fuqarolarning shaxsiy qabuli vaqtincha toʻxtatilgan boʻlsada, Ombudsmanning ishonch telefoniga hamda elektron manziliga kelib tushgan murojaatlar soni oldingi yillarga nisbatan oshdi. 2020-yilda Ombudsman nomiga 14 975 ta murojaat qabul qilindi (2019-yilda 12 822 ta edi),
Murojaatlarning 33,5 foizi inson va fuqaroning shaxsiy huquq hamda erkinliklariga, 37,3 foizi ijtimoiy, 25,3 foizi iqtisodiy, 3,0 foizi siyosiy va 0,7 foizi ekologik huquqlarga tegishlidir.
Hisobot yilida “Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) toʻgʻrisida”gi Qonunning 16–17-moddalariga muvofiq Ombudsmanning fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan tavsiyalar berilgan 16 ta xulosasi tayyorlanib, viloyat hokimliklariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga, Bosh prokuraturaga, Ichki ishlar vazirligiga yuborilgan.. Bundan tashqari, sudlarga 30 ta daʼvo arizasi hamda 21 ta taqdimnoma kiritilgan.
Mazkur murojaatlar tahlil etilganda fuqarolarning odil sudlovga (1044 ta murojaat) hamda adolatli tergov-surishtiruv harakatlariga (2565 ta murojaat) boʻlgan huquqlarini taʼminlash bayon etilgan.
Murojaatlarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha 29 ta jinoiy, 42 ta maʼmuriy ish qoʻzgʻatildi, ichki ishlar idora xodimlarining 17 nafariga intizomiy va 17 nafariga xizmat tekshiruvi tayinlangan, 3 nafariga hayfsan va tanbeh taʼsir choralari qoʻllanilgan, sud qarorlariga nisbatan 3 ta protest kiritildi hamda murojaat etuvchilarning manfaatlarini koʻzlab jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad etish toʻgʻrisidagi 58 ta qaror bekor qilindi.
Pandemiyaga qaramasdan, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) va uning Kotibiyati xodimlari, jamoatchilik faollari bilan birgalikda karantin majmualari, tibbiy muassasalar, Milliy preventiv mexanizm doirasida jazoni ijro etish muassasalarida inson huquqlarining taʼminlanish holatini oʻrganish maqsadida joylarida jami 76 ta monitoring tadbirlarini amalga oshirdi.
Monitoring tashriflari davomida 4 mingdan ortiq mahkum bilan jamoaviy uchrashuvlar va 578 nafar mahkum bilan yakka tartibdagi suhbatlar oʻtkazildi.
Shuningdek Ombudsman oʻz maʼruzasida fuqarolarning xususiy mulkka boʻlgan huquqlarini himoya qilish, mehnat huquqlarini taʼminlash, ijtimoiy masalalarga oid murojaatlar tahlili va natijalari haqida maʼlumot berdi.
Oʻzbekiston tarixida birinchi bor inson huquqlari boʻyicha olib borilayotgan islohotlarni inobatga olinib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) dunyo Ombudsmanlar uchun belgilangan akkreditatsiyadan oʻtdi va unga “V” maqomi berilganligi maʼlum qilindi.
Yigʻilish davomida qoʻmita aʼzolari Bola huquqlari boʻyicha Vakil Aliya Yunusovaning 2020-yilgi faoliyati boʻyicha axborotini ham eshitishdi.
Taʼkidlanishicha, 2020-yil davomida jismoniy va yuridik shaxslar, bolalar hamda ularning qonuniy vakillari tomonidan jami 85 ta murojaatlar qabul qilingan.Murojaatlar Bola huquqlari boʻyicha vakil tomonidan toʻliq nazoratga olingan. 28 ta murojaatlar idora va tashkilotlar tomonidan qanoatlantirilgan.
Mehribonlik uylarining bitiruvchilarining turar-joy bilan taʼminlanishi toʻgʻrisidagi 12 ta murojaati mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan javobsiz qoldirilgan.
Bolaning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda tiklash maqsadida Bola huquqlari boʻyicha vakil murojaatlar yuzasidan 8 maratoba oʻzi va vakili orqali sud protsesslarida ishtirok etdi. Shundan 5 ta sud qarori bekor qilingan.
2020-yilda Respublika hududida COVID-19 pandemiyasi kirib kelishi va karantin eʼlon qilinishi oqibatida juda koʻplab muassasalar yopiq holatda oʻz ish faoliyatlarini davom ettirdi. Bu kabi yopiq, shaxslar oʻz ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan muassasalarda bola huquqlarini taʼminlash yuzasidan . Qashqadaryo, Toshkent, Andijon, Jizzax, Sirdaryo, Fargʻona, Buxoro, Namangan viloyatlari va Toshkent shahrida joylashgan muassasalarga 53 ta monitoring tashriflari uyushtirilgan.
Bola huquqlari boʻyicha vakil axborotida monitoringlarda aniqlangan kamchiliklar tahlil qilinib, davlat organlari va tashkilotlar rahbarlariga 3 ta taqdimnoma hamda 47 ta soʻrov yuborilgani hamda Oʻzbekiston Respublikasining 12 ta qonuni loyihasiga takliflar berilganini qayd etdi.
Yigʻilishda yakunida Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi aʼzolari tomonidan Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha Vakili (Ombudsman) faoliyatini yana-da takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirildi hamda koʻrib chiqilgan mazkur masala yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha
vakili (ombudsman) matbuot xizmati