Aniqlanishicha, qariyb 35 yildan buyon ushbu muassasada istiqomat qilayotgan 5 nafar nogironligi boʻlgan ayollarning na tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi va na shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan. Ular 1995-yillarda tibbiy varaqa orqali Muruvvat uyiga qabul qilingan. Murojaatchilar shu kunga qadar shaxsini tasdiqlovchi hujjat olish masalasi bir necha marotaba koʻtarilgan boʻlsada ijobiy natija boʻlmayotganligini maʼlum qilishgan.
Mazkur masala Ombudsman nazoratiga olinib, uning Buxorodagi mintaqaviy vakili Abira Huseynova tomonidan oʻrganildi. 6 oylik oʻrganishlardan soʻng, FHDYO organlari ushbu ayollarning tugʻilganlik faktini belgilash uchun hujjatlar yetarli boʻlmaganligi sabab shaxsni tasdiqlovchi hujjat berish masalasini koʻrib chiqishni rad etdi. Shundan soʻng, nogironligi sabab ularning layoqatsizligi hisobga olinib Ombudsman tomonidan fuqarolikni belgilashni soʻrab fuqarolik ishlari boʻyicha Buxoro tumanlararo sudiga ariza kiritildi.
Mazkur masala Muruvvat uyida sayyor sud majlisida koʻrib chiqildi. Sud tomonidan 5 nafar fuqaro manfaatida kiritilgan Ombudsman arizasi toʻliq qanoatlantirildi.
Barcha tegishli hujjatlar asosida fuqarolarga ID kartalar rasmiylashtirildi va egalariga topshirildi, deb xabar beradi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) axborot xizmati.