Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova va Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasining raisi Malika Qodirxanova BMT Taraqqiyot dasturining Istambuldagi Mintaqaviy markazi rahbari Bxarati Sadasivam bilan virtual muloqot qildi. Unda BMT Taraqqiyot dasturining inson huquqlarini taʼminlash, xususan gender tenglik, xotin-qizlarning huquqi va imkoniyatlarini taʼminlash masalalari muhokama qilindi.
Onlayn uchrashuvda Ombudsman Feruza Eshmatova mamlakatimizda xalq bilan muloqot qilish davlat va jamiyat faoliyatining ustuvor mezoni etib belgilangani, fuqarolarga davlat idoralariga murojaat qilishda qator qulayliklar yaratilgani va oʻtgan yillar mobaynida har bir tashkilot fuqarolarni qabul qilish va ularga quloq solishni oʻrgangani, joylarda sayyor qabullar tashkil etish amaliyoti yoʻlga qoʻyilganini qayd etdi.
Ombudsman nomiga kelib tushayotgan murojaatlar, jumladan xotin-qizlar tomonidan yoʻllanayotgan arizalar doim tahlil qilinib, aholini qiynayotgan masalalar haqidagi tahliliy maʼlumotlar va Vakilning tegishli tavsiyalari doimiy ravishda parlament va tegishli davlat idoralariga taqdim etib boriladi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) nomiga yoʻllangan murojaatlar tahlili, 2021-yilning 15-apreliga qadar fuqarolar tomonidan 4000 dan ortiq murojaat kelib tushganini koʻrsatmoqda.
Hozirda ushbu murojaatlar bilan ishlash ularni oʻz vaqtida hal etish tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikda ishlanmoqda.
Shuningdek, virtual muloqotda Ombudsman faoliyatiga hududlarda tegishli davlat organlari masʼullari bilan birgalikda sayyor qabullar oʻtkazish amaliyoti joriy qilingani va ushbu qabullar doirasida ogʻir tushmush sharoitida yashayotgan oilalar honadonlariga tashrif buyurilib, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amaliy yordam koʻrsatilayotgani qayd etildi.
Muloqot davomida pandemiya sharoitida xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlarga ham toʻxtalib oʻtildi. Taʼkidlanishicha, barcha tuman va shaharlarda, har bir mahallada ehtiyojmand oilalar, ayollar va yoshlar bilan manzilli ishlash boʻyicha mutlaqo yangi – “temir daftar” tizimi joriy etildi hamda xotin-qizlarni qiynayotgan koʻplab ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga amaliy yechim topish maqsadida “Ayollar daftari” shakllantirildi.
Oʻzaro muloqot davomida Feruza Eshmatova mamlakatda gender tengligini taʼminlash Ombudsman faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan biri ekanligini qayd etdi. Shuningdek, aynan pandemiya davrida butun dunyoda xotin-qizlarning mehnat huqularining buzilishi, sababsiz ishdan boʻshatish, ish beruvchi tomonidan tegishli mehnat sharoitlarining yaratib bermaslik, noqonuniy qisqartirish kabi holatlar koʻpayganiga eʼtibor qaratdi.
“Shu nuqtayi nazardan mehnat qonunchiligini qayta koʻrib chiqish orqali xotin-qizlarga masofadan turib ishlash, ish grafigini moslashtirish kabi normalarga aniqlik kiritish va ushbu normalarga amal qilinishi boʻyicha ishlash zarur. Bu borada qator loyihalarni hamkorlikda amalga oshirishimiz mumkin.”, - dedi Ombudsman.
Konstruktiv va doʻstona ruhda boʻlib oʻtgan uchrashuvda tomonlar yangi loyihalar xususida fikr almashishdi, deb xabar beradi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati.