Ombudsman ishchilarning toʻlanmay kelgan 34 million soʻm ish haqi undirib berdi

    Xorazm viloyati Urganch tumanida yashovchi fuqaro X.D. qurilish korxonasi rahbari ish haqini bermagani boʻyicha Ombudsmanga shikoyat qildi.

    Murojaatda qayd etilishicha, 2019-2022-yillar davomida murojaatchi X.D. otasi va akasi bilan birgalikda mexanizator vazifasida ishlagan va ish beruvchi bilan oyiga uch million soʻmdan ish haqi berilishiga kelishilgan. Lekin ish beruvchi ularning soʻnggi 3-4 oylik ish haqini toʻlamagan. Fuqaro X.D. ushbu masalada turli idoralarga qilingan murojaatlardan natija boʻlmaganini bildirgan.

    Murojaat Ombudsmanning Xorazm viloyati mintaqaviy vakili tomonidan oʻrganildi va aniqlangan holatning qonuniy yechimi boʻyicha tegishli choralar koʻrildi. Natijada muammo oʻz yechimini topdi. Ishchilarga 34 million soʻm ish haqi toʻliq toʻlab berildi.

    Ombudsmanning Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi mintaqaviy vakili hamda Ombudsman huzuridagi Jamoatchilik guruhi aʼzolari tomonidan Nukus shahrida joylashgan 1-son Respublika ruhiy-asab kasalliklari dispanseriga monitoring tashrifini amalga oshirdi.

    Monitoringda 360 oʻringa moʻljallangan dispanserda chegara, erkaklar, ayollar, yosh oʻsmirlar, bolalar, gerontologiya, psixosomatika, psixotuberkulyoz va umumiy tipdagi majburiy davolash boʻlimlari mavjudligi aniqlandi.

    Maʼlum boʻlishicha, dispanserdagi bemorlarning yotoq joylari hamda yuvinish xonalari holati sanitariya-gigiyena talablariga javob beradi. Shuningdek, davolanayotgan shaxslarga autsorsing xizmati asosida kundalik taomnomaga mos issiq ovqatlar berilayotgani, tibbiyot boʻlimidagi dori-darmonlarning yaroqlilik muddati oʻtmagani va muassasa hududida obodonlashtirish ishlari olib borilgani maʼlum boʻldi.

    Shu bilan birga, muassasada ayrim kamchiliklar ham aniqlandi. Jumladan, bemorlarga yaqin qarindoshlari bilan qisqa muddatli uchrashuv xonalari ajratilmagan. Ayrim dori-darmon vositalari taʼminotida uzilishlar uchrayotgan ekan.

    Dispanserda davolanayotgan shaxslar bilan bilan jamoaviy tartibda suhbatlashildi. Ombudsmanning mintaqaviy vakiliga yakka tartibda murojaat qilish istagida boʻlgan shaxslar murojaatlari holi tarzda qabul qilindi.

    Ombudsman axborot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, monitoring yakunlariga koʻra, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha zarur tavsiyalar berildi.