Ombudsman jazo muddatini oʻtayotgan mahkum Dauletmurat Tajimuratov bilan uchrashdi

    Tashrif davomida, mahkumlar bilan suhbatlashildi, koloniyaning yotoq joylari, oshxona, kutubxona, davolash boʻlimi, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, ishlab chiqarish hududidagi sharoitlar oʻrganildi.

    2024-yil 5-yanvar kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) hamda uning huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish boʻyicha Jamoatchilik guruhlari aʼzolari Navoiy shahrida joylashgan 11-son jazoni ijro etish koloniyasiga monitoring tashrifini amalga oshirishdi.

    Jamoatchilik guruhlari aʼzolari tarkibida nodavlat notijorat tashkilotlari, jumladan, “Yuksalish” harakati va “Huquqiy tayanch” NNT raislari ishtirok etib, muassasadagi sharoitlar bilan tanishishdi.

    Tashrif davomida, mahkumlar bilan suhbatlashildi, koloniyaning yotoq joylari, oshxona, kutubxona, davolash boʻlimi, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, ishlab chiqarish hududidagi sharoitlar oʻrganildi.

    Mahkumlarning yotoq joylari koʻzdan kechirilganda, ushbu koloniyada jazo muddatini oʻtayotgan mahkum Dauletmurat Tajimuratov bilan ham uchrashildi. Suhbat davomida D.Tajimuratov koloniyadagi sharoitlar Ombudsman tomonidan oʻtkazilayotgan monitoring tashriflari natijasida yaxshilanib borayotganini, oziq-ovqat taʼminoti yaxshiligini, qiynoq yoki tazyiq oʻtkazish holatlari mavjud emasligi, davolash-profilaktika yordamini koʻrsatish boʻlimi tomonidan tibbiy yordam kerak boʻlganda vaqtida yordam koʻrsatilayotganligini maʼlum qildi.

    Koloniya rahbariyati bilan oʻtkazilgan suhbatlarga va amalga oshirilgan oʻrganishlarga koʻra, D.Tajimuratov qonunchilikda belgilangan tartibda jazo muddatini oʻtamoqda. Uning Jinoyat-ijroiya kodeksida belgilangan huquqlari taʼminlamoqda va ushbu Kodeksda belgilangan majburiyatlar tatbiq etilmoqda. Alohida cheklovlar oʻrnatilmagan yoki imtiyozlar taqdim etilmagan. Shuningdek, oʻtkazilgan suhbat davomida unga amaldagi qonunchilik talablari tushuntirib oʻtildi.

    Monitoring tashrifi davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ularni oʻz vaqtida bartaraf etilishini taʼminlash maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsmanning tavsiyalari kiritiladi.

    Eslatib oʻtamiz, Ombudsman tomonidan qiynoqlarni oldini olish boʻyicha monitoring tashriflari yakuni yuzasidan tayyorlangan tahliliy maʼlumotlar, jumladan monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar tegishli davlat organlari bilan bir qatorda Oliy Majlis palatalariga ham taqdim etib kelinmoqda.