Murojaatchilarning yozishicha, joriy yilning iyun oyida masʼul vazirlik va idoralarga qilgan murojaati samara bermagan. Mintaqaviy vakil amaldagi qonunchilik asosida tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda murojaatni oʻrgandi.

Aniqlanishicha, murojaatchilarning roziligi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 67-moddasi 2-qismida “texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi oʻzgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining oʻzgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi (100-modda ikkinchi qismining 1-bandi) sababli ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Lekin ularga ish qidirish davri uchun toʻlab berilishi kerak boʻlgan kompensatsiya puli berilmagan.

Shundan soʻng Ombudsman tomonidan fuqarolar manfaatini koʻzlab, sudga daʼvo arizasi kiritish uchun tegishli maʼlumotlar olish maqsadida ish beruvchi muassasaga soʻrovlar kiritildi. Eʼtiborli jihati shundaki, kompensatsiya masalasi sudgacha bormay, qisqa muddatda ijobiy yakunlandi.

Natijada joriy yilning 3-oktyabr kuni murojaat qilgan uch nafar oʻqituvchi va shu qatori 67 nafar oʻqituvchiga jami 213 mln soʻmga yaqin kompensatsiya toʻlab berildi.