Ombudsman tashrifidan koʻzlangan maqsad — musofirchilikda oʻzga yurtlarda mehnat qilayotgan hamyurtlarimiz yashayotgan va ishlayotgan obyektlarga borib, ular bilan suhbatlashib, oʻzbekistonliklarning yashash, ishlash va tibbiy xizmatdan foydalanish holatlarini oʻrganishdan iborat.
Joriy yilning 17-may kuni Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova hamda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidovlar Rossiya Federatsiyasi Prezidenti maslahatchisi, Prezident huzuridagi Inson huquqlari va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Kengashi raisi Valeriy Fadeyev hamda Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari boʻyicha vakili Tatyana Moskalkova bilan uchrashib, tashqi migrantlar huquqlarini taʼminlash, ularga qoʻshimcha qulayliklar yaratish borasida istiqboldagi hamkorlikning asosiy yoʻnalishlarini belgilab olishdi.
Shundan soʻng, Oʻzbekiston va Rossiya Ombudsmanlari oʻrtasida imzolangan hamkorlik Memorandumi doirasida Rossiya Ichki ishlar vazirligining Moskva shahridagi migrantlarni vaqtincha saqlash markazi, shuningdek, Saxarovo qishlogʻida joylashgan «Moskva koʻp funksiyali migratsiya markazi»da boʻlib, oʻzbekistonlik migrantlar qabulini oʻtkazishdi. Hamkorlikda tashkil etilgan qabul jarayonida 20 nafardan ortiq mehnat migrantlarining murojaatlari qabul qilindi va zarur hollarda ularning huquqlarini taʼminlash borasida huquqiy maslahatlar berildi.
Qayd etish lozimki, Feruza Eshmatova Rossiyaga amaliy tashrifi davomida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining Rossiya Federatsiyasidagi huquqlari: mehnat migrantlari va ularning oila aʼzolari» mavzusidagi Oʻzbekiston - Rossiya forumida ham ishtirok etadi., deb xabar beradi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati.