Oʻzaro muloqot davomida mehmon mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida olib borilayotgan islohotlar, jumladan Ombudsmanning bu jarayonlardagi oʻrniga toʻxtaldi. Shuningdek, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, qiynoqlarni oldini olish boʻyicha olib borilayotgan monitoring tashriflari va Ombudsmanga qonunchilik tashabbusi huquqining berilayotgani boʻyicha fikr almashildi.
“Turkiya-Oʻzbekiston” parlamentlararo doʻstlik guruhi rahbari, Turkiya Respublikasi “Adolat va rivojlanish” partiyasi deputati Osman Mesten Inson huquqlari boʻyicha vakilga qonunchilik tashabbusi huquqining berilayotgani uning maqomini yanada mustahkamlanishiga xizmat qilishini taʼkidlab, bu boradagi tajribani Turkiyada ham oʻrganish maqsadga muvofiqligi bildirdi.
Shuningdek, mehmon suhbat jarayonida mamlakatimizda Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqand sammiti yuqori darajada tashkil etilganligini alohida eʼtirof etdi.
Shu bilan birga, mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarni yuqori baholadi va bugungi kunda Turkiya-Oʻzbekiston munosabatlarining mustahkamlanayotganligini dunyoning boshqa davlatlariga namuna sifatida koʻrsatish mumkinligini bildirib oʻtdi.
Uchrashuv konstruktiv va doʻstona ruhda boʻlib oʻtdi.
Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati.