Ulardan biri Qozogʻistondagi infozakon.kz yangiliklar portali bosh muharriri Marat Bashimov Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) bilan koʻrishish istagini bildirgan edi.

Joriy yil 25-oktyabrda Inson huquqlari boʻyicha vakil yuridik fanlari doktori, professor, infozakon.kz yangiliklar portali bosh muharriri Marat Bashimovni qabul qildi.

Oʻzaro muloqot davomida mehmon koʻp yillardan buyon inson huquqlarini taʼminlash yoʻnalishida qator ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borgani hamda qator xorijiy davlatlar Ombudsman institutlari faoliyatini oʻrganganini qayd etdi.

Shuningdek, Qozogʻiston Respublikasida Ombudsman faoliyatiga oid alohida qonun mavjud emasligi sababli “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi qonuni hamda soʻnggi yillarda Ombudsman faoliyatidagi oʻzgartirishlar bilan qiziqdi.

Feruza Eshmatova Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining “Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi Qonun 1997-yilda Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchilardan boʻlib qabul qilingani va oʻtgan yillar mobaynida takomillashib borgani, Vakilga Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga masalalar kiritish, majlislarida ishtirok etishi va sud tomonidan koʻrib chiqilayotgan barcha masalalar yuzasidan oʻz nuqtayi nazarini bayon etish, fuqarolar manfaatlarini koʻzlab arizalar va daʼvolar bilan sudlarga davlat boji toʻlamasdan murojaat etish, mahbuslar huquq va erkinliklarini himoya qilishni tashkillashtirish, ularni saqlash shart-sharoitlari bilan tanishish maqsadida jazoni ijro etish muassasalariga toʻsiqlarsiz tashrif buyurish kabi inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning yangi zamonaviy va samarali mexanizmlari taqdim etilganini qayd etdi.

Uchrashuv yakunida jurnalist savollariga batafsil javob olgani uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekistonda inson huquqlarini taʼminlash, Ombudsmanning huquqiy asoslarini mustahkamlash borasida samarali islohotlar amalga oshirilgani va ushbu ilgʻor tajriba koʻplab davlatlar tomonidan oʻrganilib oʻz faoliyatiga tatbiq qilinishi maqsadga muvofiqligini bildirdi, deb xabar beradi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati.