Shu kabi holat 2022-yil 21-sentyabr kuni Toshkent shahri Olmazor tumani Ziyo — Shifonur koʻchalari kesishmasida kuzatilib, bu holat ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab muhokamalarga sabab boʻlgan edi.
Unda yoʻlning transport harakatlanadigan qismida amalga oshirilayotgan tuzatish ishlari davomida yoʻlning bir qismi yopib qoʻyilgani va tegishli maxsus belgi bilan aylanib oʻtish lozimligi koʻrsatilgan. Biroq aylanib oʻtish oqibatida haydovchilar yoʻlning qarama-qarshi harakatlanish tomoniga oʻtishlariga toʻgʻri kelgan. Bu esa maxsus kameralarga muhrlangan va haydovchilar jarimaga tortilgan.
Jarimadan ozod etish ichki ishlar organlarining YHX boʻlimlari tomonidan emas, sudlar tomonidan koʻrib chiqilishi ijtimoiy tarmoqda koʻpchilik fuqarolarning oʻrinli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar fuqarolar ovoragarchiligining oldini olish va ularga adolatli munosabatda boʻlishga asoslangan. Yuqoridagi holat esa haydovchilarning ortiqcha xarajat qilishiga va ovoragarchiligiga sabab boʻlmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili Ichki ishlar vazirligiga murojaat qildi. Unda ushbu holatlarning kelgusida takrorlanishining oldini olish maqsadida taʼmirlash ishlari haqida fuqarolarni oldindan xabardor qilish va ularning mazkur sabablarga koʻra jarimaga tortilishining oldini olish choralarini koʻrish soʻraldi.