Ombudsmanga 75 yoshni qarshilagan ota “Saxovat”uyiga joylashtirishni soʻrab murojaat qildi

    Ijtimoiy hayot 29 Iyun 2023 2144

    Murojaatchi 2013-yilda “Saxovat” internat uyiga joylashtirilgan. Oradan 9 yil oʻtib murojaatchining oʻgʻli S.X. otasini oʻz xonadoniga olib ketadi.

    Xoʻjaobod tumanida yashagan 75 yoshli otaxon Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsaman)ning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakiliga murojaat qilib, “Saxovat” internat uyiga joylashtirilishda yordam soʻradi, deya xabar berdi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati.

    Aniqlanishicha, murojaatchi 2013-yilda “Saxovat” internat uyiga joylashtirilgan. Oradan 9 yil oʻtib murojaatchining oʻgʻli S.X. otasini oʻz xonadoniga olib ketadi. Lekin, 3 oydan soʻng, yaʼni 2023-yil yanvar oyida Buloqboshi tumanida yashovchi xolasining uyiga olib borib qoʻyadi.

    Murojaatchi, arizasida betobligi, opasi ham yoshi kattaligi sabab qoʻzi koʻrmay qolgani va uning qizi 1-guruh nogironi ekanini bildirgan. 75 yoshli ota “Saxovat” internat uyiga qayta joylashtirish boʻyicha tegishli tashkilotlarga murojaat qilgani, lekin, ijobiy javob olmaganini maʼlum qilgan.

    "Mazkur murojaat mintaqaviy vakil tomonidan nazoratga olinib, Andijon viloyati Tibbiy ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi murojaat qilindi. Natijada keksa murojaatchi “Saxovat” internat uyiga qabul qilinib, toʻliq davlat taʼminotiga olindi", deyiladi xabarda.