Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Inson huquqlari sohasida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi boʻyicha Parlament komissiyasining navbatdagi yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman)ning 2021-yilning birinchi yarim yillikdagi murojaatlar bilan ishlash boʻyicha faoliyati koʻrib chiqildi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati xabar berdi.
Yigʻilishda soʻz olgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili hamda Ombudsman huzuridagi komissiya raisi Feruza Eshmatovaning soʻzlariga koʻra, 2021-yilning birinchi yarim yilligida Vakil nomiga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan jami 9 632 ta murojaat kelib tushgan. Mazkur murojaatlarning sal kam 40 foizi yaʼni 4083 tasi shaxsiy huquq va erkinliklarni amalga oshirish masalasiga taalluqli. Ombudsman ish yurituviga olingan murojaatlarning koʻrib chiqilishi natijasida 13 ta jinoiy, 4 ta maʼmuriy va 8 ta intizomiy ish qoʻzgʻatildi, masʼul mansabdor shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berish uchun 23 ta tekshiruv oʻtkazildi, 16 nafar davlat idoralari xodimlari turli darajadagi javobgarliklarga tortildi, sud qarorlariga nisbatan prokuratura organlari orqali 2 ta protest kiritildi hamda murojaat qiluvchilar manfaatlarini koʻzlab jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad etish toʻgʻrisidagi 26 ta qaror bekor qilindi.
Inson shaxsiy huquqlari va erkinliklarini taʼminlash sohasidagi shikoyatlar tahlili sud tizimi inson va fuqarolarning qonun hujjatlarida kafolatlangan huquqlarini toʻliq taʼminlay olmayotganini koʻrsatmoqda. Joriy yilning birinchi yarim yilligida Ombudsman manziliga jinoyat ishlari boʻyicha sud qarorlaridan norozi boʻlgan fuqarolardan 680 ta murojaat kelib tushdi. Bundan tashqari, xorijdan 3 ta va mahkumlardan 256 ta murojaat yoʻllangan.
F.Eshmatovaning qayd etishicha, murojaatlarda asosan dastlabki tergovda yoʻl qoʻyilgan protsessual kamchiliklar sud jarayonida aniqlanganda, sudya tomonidan taʼsir chorasi qoʻllanilmasligi, sudya iltimosnomani rad etishi, majlis bayonnomasiga tomonlar chiqishlarining kiritilmasligi, guvohlarni chaqirishni rad etish va ularni soʻroq qilmaslik, ekspertiza oʻtkazishni rad etish, advokat chiqishini keyinga qoldirish kabi holatlar koʻrsatilgan. Mazkur holatlar sud qarorlarining qonuniyligi, xolisligi va adolatliligiga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir koʻrsatadi.
Shuningdek, fuqarolarning Ombudsman nomiga sud tergovining toʻliq emasligi va baʼzan bir yoqlamasligi, jinoyat kodeksi normalarining notoʻgʻri qoʻllanilayotganligi, sud jarayonlari oʻz vaqtida boshlanmasligi hamda jazoning adolatsizligidan norozi boʻlib Ombudsman xodimlarini sudda kuzatuvchi sifatida ishtirok etishini soʻrab yozgan murojaatlariga asosan 2021-yilning birinchi yarim yilligida 45 marotaba sud jarayonlarida ishtirok etilgan.