Ombudsmanga onalar farzandining ta'lim olish huquqini ta'minlash bo'yicha murojaat qildi

    Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman)ga Andijon shahridan fuqaro A.K. yashash sharoitini o'rganish va voyaga etmagan farzandini maktabga tiklash bo'yicha murojaat qildi.

    Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati ma'lum qildi.

    Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, holatni joyiga chiqib o'rganish uchun Ombudsmanning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakiliga yuborildi. Holat tegishli tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilgan holda o'rganildi.

    Murojaatchi A.K.ning xonadoniga borilganda uning oilaviy sharoiti og'irligi tufayli voyaga etmagan farzandi maktabga bormayotgani, xonadoni ham ta'mir talabligi ma'lum bo'ldi.

    Bolaning ta'lim olish huquqini ta'minlash maqsadida fuqaro A.K. voyaga etmagan farzandi maktabga tiklanib, maktab psixologi murabbiy etib belgilandi.

    Shuningdek, “Ayollar daftari”ga kiritilgan murojaatchi xonadonida ta'mirlash ishlari boshlandi va unga bola puli berilishi ta'minlandi.

    Ombudsmanga Andijon shahridan yuborilgan yana bir murojaatda fuqaro T.M. voyaga etmagan farzandi maktabga olinmayotgani yuzasidan shikoyat qilgan.

    Mazkur murojaat Ombudsmanning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan o'rganilganda, 4 nafar voyaga etmagan farzandning onasi bo'lgan, boquvchisini yo'qotgan T.M. kichik farzandini maktabga olib borganida, maktab ma'muriyati tomonidan qabul qilinmagani ma'lum bo'lgan.

    Ma'lum bo'lishicha, murojaatchi turmush o'rtog'i vafotidan so'ng, ota uyiga (boshqa tumandagi) ko'chib kelgan. Maktab ma'muriyati esa tumanda ro'yxatda bo'lmagani sababli, murojaatchi farzandini maktabga qabul qilishdan bosh tortgan.

    Murojaat nazoratga olinib, tegishli tashkilotlarga murojaat qilingach, murojaatchi farzandi mazkur maktabning 4-sinfiga qabul qilindi.

    Ma'lumot uchun, yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 50-moddasiga muvofiq, har kim ta'lim olish huquqiga ega, davlat bepul umumiy o'rta ta'lim va boshlang'ich professional ta'lim olishni kafolatlashi, umumiy o'rta ta'lim majburiyligi, maktabgacha ta'lim va tarbiya, umumiy o'rta ta'lim davlat nazoratida ekanligi belgilangan.