Ombudsman faoliyatini tartibga soluvchi Oʻzbekiston Respublikasi “Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) toʻgʻrisida”gi Qonunining 10-moddasida Vakil Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, mamlakat hududidagi chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning oʻz huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzayotgan tashkilotlar yoki mansabdor shaxslarning harakatlari yoxud harakatsizligi ustidan bergan shikoyatlarini koʻrib chiqishi va oʻz tekshiruvini oʻtkazish huquqiga ega ekani belgilangan. Fuqarolar oʻrtasidagi ziddiyatli va nizoli masalalarni koʻrib chiqish Ombudsman vakolatiga kirmaydi.

Shuningdek, mazkur moddaning 7 bandida Vakil sud va tergov organlarining vakolat doirasiga kiradigan masalalarni koʻrib chiqmasligi alohida belgilangan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, hisobot davrida Ombudsman tomonidan parlament nazorati subyekti sifatida 11 257 ta murojaat oʻz ish yurituviga olingan.

Kelib tushgan murojaatlar hududlar kesimida tahlil qilinganda, eng koʻp murojaatlar Toshkent shahridan 2588 ta, Qashqadaryo viloyatidan 2530 ta, Surxondaryo viloyatidan 2000 ta yuborilgani aniqlandi.

Murojaatlarda eng koʻp koʻtarilgan masalalar sifatida fuqarolarning shaxsiy mulkka boʻlgan huquqlari va mehnat huquqlarini taʼminlash, ijtimoiy imtiyoz va nafaqalar, moddiy yordam olish, insonparvarlik aktini tadbiq etish, sud-tergov jarayonlari, fuqarolarning davlat organlari va muassasalariga murojaat qilish huquqlarini taʼminlash kabilarni keltirish mumkin.

Davlat organlari va tashkilotlari va sudlarga fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan 14 ta taqdimnoma, 3ta xulosa, 44 ta daʼvo arizalari kiritilgan.

Ombudsman tomonidan kiritilgan taqdimnomalar vazirlik va idoralarning kengaytirilgan majlislarida muhokama qilinib, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash hamda ijro intizomi talablarini buzgan va oʻz faoliyatida masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan 82 nafar xodimga nisbatan “hayfsan”, 9 nafar xodimga nisbatan “jarima” intizomiy jazo chorasi qoʻllanilgan va 8 nafar xodim egallab turgan vazifasidan ozod qilingan.

Qayd etish lozimki, umumiy hisobda Ombudsmanning 2021-yilda taʼsir choralarini qoʻllashi va ularning samaradorligi 2020-yilga nisbatan 2,4 barobarga oshgan.

2021-yilda Ombudsman Qonunda belgilangan vakolatidan foydalanib, jismoniy shaxslarning mulk huquqlari kafolatlari masalasida ilk marotaba Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga koʻrib chiqish uchun 1 ta masala kiritdi.

Shuningdek, Ombudsman xodimlari sudlarda kuzatuvchi sifatida 108 marotaba ishtirok etgan. Bu koʻrsatkich 2020-yilda 32 tani tashkil etgan edi.

Inson huquqlari boʻyicha vakilga yuborilgan shaxsiy huquqlar va erkinliklarga oid murojaatlarni koʻrib chiqish natijasida 21 ta jinoiy va maʼmuriy va 9 ta intizomiy ish qoʻzgʻatildi.

Murojaat qiluvchilar ustidan jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad etish toʻgʻrisidagi 29 ta qaror bekor qilindi.

Masʼul mansabdor shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berish uchun 25 ta tekshiruv oʻtkazildi.

Ombudsman murojaatidan soʻng sud qarorlariga nisbatan prokuratura organlari orqali 6 ta protest kiritildi

Sudlarga 442 mln. soʻmlik mehnat haqini undirishga qaratilgan 43 ta daʼvo arizasi kiritildi, 62 nafar fuqaroga 787,8 mln. soʻmlik mehnat haqi toʻlanishi taʼminlandi, 10 nafar fuqaro ishga tiklandi, 5 nafar fuqaroga ish joyida mehnat qobiliyatini yoʻqotganligi uchun sogʻligiga yetkazilgan 9,2 mln. soʻmlik zarar undirildi, fuqarolarga 148 mln. soʻmlik kreditlarni rasmiylashtirishda koʻmaklashildi.

Shuningdek, murojaatchilar foydasiga sud qarorlarida belgilangan 210,8 mln. soʻmlik zarar undirildi. Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan 14 ta fuqaroga uy-joy ajratildi. Tadbirkorlarga 145 mln. soʻmlik ortiqcha toʻlangan soliq toʻlovlarini qaytarib berishda koʻmak berildi.