Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsman) Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakiliga Nurobod tumani Jom qishlogʻida yashovchi fuqaro S.D. dan uning uy-joyga muhtojligi haqida murojaati kelib tushdi, deya xabar beradi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati.

Murojaat muallifi turmush oʻrtogʻi vafot etgani, 2003-yilda tugʻilgan oʻgʻli Oʻ.D. bilan hamon ota-onasining uyida yashab kelayotgani, uy-joyga muhtoj ekani sababli koʻplab tashkilotlarga yordam soʻrab murojaat qilganligi, lekin bundan hech bir natija boʻlmaganidan shikoyat qilgan.

Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili I.Toʻxtasinov Nurobod tumani hokimligi bilan hamkorlikda fuqaro S.D.ning murojaatini oʻrganib chiqdi. Oʻrganish natijasida fuqaro S.D. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-apreldagi “Ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi boʻlgan, kam taʼminlangan, farzandlarini toʻliqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uy-joylar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq arzon uy-joy bilan taʼminlandi. Fuqaro S.D.ning 2021-yil yakuniga qadar yangi uy-joyga koʻchib oʻtishi belgilandi.

Maʼlumot uchun: Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsmanning) Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Ilhomjon Toʻxtasinov har haftaning seshanba kuni soat 14:00 dan 16:00 gacha fuqarolar murojaatlarini qabul qilmoqda. Manzil: Samarqand viloyati Samarqand shahri Boʻstonsaroy koʻchasi 93 uy.