Pandemiyaning yangi toʻlqinidan, ayniqsa, Yevropa aholisi jiddiy aziyat chekmoqda. Bu yerda “omikron” tufayli epidemiologik vaziyat yanada murakkablashgan.
Xususan, kecha Buyuk Britaniyada yangi mutatsiya tufayli dunyo boʻyicha ilk oʻlim holati qayd etildi. Ustiga-ustak, mamlakat Sogʻliqni saqlash vazirligi kelgusi 48 soat ichida Londonda “omikron” dominant pozitsiyani egallashini maʼlum qildi.
Bu xavotirlar bejiz emas, albatta. Chunki Angliyada aniqlanayotgan infeksiyalarning taxminan 20 foizini ayni shu shtamm tashkil qiladi. Biroq Londonda bu koʻrsatkich allaqachon 44 foizga yetgan. Oʻsish surʼatlari shiddat bilan oshmoqda.
Buyuk Britaniya Sogʻliqni saqlash vaziri Sajid Javidning taʼkidlashicha, mamlakatda “omikron” bilan kasallanganlarning haqiqiy soni hozirda tasdiqlangan 4,7 ming holatdan ancha yuqori.
Bu virus turi Shveysariyada ham “hukmron” pozitsiyani egallashi mumkin. Mamlakat sogʻliqni saqlash federal boshqarmasi rahbari Anna Levining aytishicha, kelgusi yil boshida yoki undan ham oldinroq yangi shtammni yuqtirish koʻrsatkichlari “delta”dan oshib ketadi.
Kuni kecha JSST dunyo boʻyicha “omikron” aniqlangan mamlakatlar soni 63 taga yetganini tasdiqlagan edi. Ushbu roʻyxatga kecha Vengriya ham qoʻshildi. Mamlakatda yangi variant dastlabki ikki bemorda aniqlangan. Biroq kasallikni yuqtirgan er-xotinlar xorijiy davlatlarda boʻlmagan.
Shuningdek, qishki Olimpiada mezbonligiga tayyorgarlik doirasida karantin qoidalariga qatʼiy amal qilinayotgan Xitoy Xalq Respublikasida ham dastlabki “omikron”ni yuqtirish holati roʻyxatga olindi.
Yangi shtamm mamlakatning eng yirik metropoliyalaridan biri Tyanszinda, chet eldan safardan qaytgan fuqaroda qayd etilgan.
Rossiyada esa “omikron”ga chalinganlar soni qisqa muddatda 2 nafardan 16 nafarga yetdi. Ular Janubiy Afrika Respublikasidan qaytgan 177 nafar fuqaro orasida aniqlangan.