“Omikron”ning VA 2.75 subvarianti koʻrish qobiliyatiga salbiy taʼsir etadimi?

    Soʻnggi paytlarda COVID-19 bilan ogʻrigan ayrim bemorlarda koʻrish qobiliyatining yomonlashishi kuzatilyapti.

    Bugun dunyoda koronavirus infeksiyasi bilan bogʻliq vaziyat birmuncha barqaror. Shu sababli JSST bosh direktori Tedros Gebreyesus pasayish tendensiyasini inobatga olib, joriy yilda COVID-19 pandemiyasi bekor qilinishini maʼlum qildi. Shunga qaramay, hali xavf toʻliq ortda qoldi, deb boʻlmaydi.

    Aksincha, ilmiy izlanishlar natijasida kasallikning yangidan yangi “hunar”lari namoyon boʻlyapti. Xususan, bugun dunyoning baʼzi mamlakatlarida dominant versiyaga aylanib ulgurgan “omikron” shtammining VA 2.75 subvarianti, yaʼni “kentavr” nafaqat nafas olish tizimlari, balki koʻrish organlari faoliyatiga ham salbiy taʼsir etishi maʼlum boʻldi.

    Jumladan, hindistonlik olimlar bir muncha vaqt ilgari uning genomida 16 ta mutatsiya mavjudligini aniqlagan edi. Bu esa koronavirusning mazkur turi tana himoya mexanizmlariga oson “chap berish” xususiyatiga ega ekanini anglatadi.

    Shuningdek, shifokorlar “kentavr” yangi alomatlar bilan namoyon boʻlayotgani, unga koʻra, baʼzi bemorlar yorugʻ muhitda koʻzlarini ochishga qiynalayotgani va koʻz gavharida ogʻriqlar his qilayotganini maʼlum qilgan edi.

    — Koronavirus asosan oʻpka toʻqimalarining zararlanishi bilan kechgan boʻlsa-da, uning asorati butun organizmga oʻz taʼsirini koʻrsatadi, — deydi Respublika koʻz kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori Otabek Ikromov. — Avval ushbu infeksiyaga chalinib, tuzalgan bemorlarda koʻproq qon quyuqlashishi, yurak-qon tomir tizimida jiddiy muammolar uchragan boʻlsa, endilikda ular qatoriga koʻz kasalliklari ham qoʻshilmoqda.

    Xususan, soʻnggi paytlarda COVID-19 bilan ogʻrigan ayrim bemorlarda koʻrish qobiliyatining yomonlashishi kuzatilyapti. Jumladan, virusga chalinib, sogʻayganlarda optik asabning shishi, koʻz mushaklarining spazmlari va toʻr pardaning yalligʻlanishi kabi asoratlar uchramoqda.

    Qolaversa, dunyo olimlari ham “omikron”ning VA 2.75 subvarianti organizmda tizimli yalligʻlanish reaksiyasi va qon ivish tizimining faollashishiga sabab boʻlayotgani, bu esa koʻzlar uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishini taʼkidlayapti.

    Shu bois, kasallikning oldini olish uchun virusga qarshi toʻliq bosqichda hamda buster dozada emlanish lozim. Bu esa eng toʻgʻri va samarali yoʻldir.