“Omikron”ning yangi XBB.1.16 subvarianti “kraken”dan ham yuqumliroq — JSST

    Dunyoda “omikron” shtammining yangi — XBB.1.16 subvarianti keng tarqalishi mumkin.

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining COVID-19 boʻyicha texnik rahbari Mariya Van Kerxove hozirgacha mazkur mutatsiya 22 mamlakatda aniqlanganini maʼlum qildi.

    Jumladan, Hindistonda bir necha oy ichida yangi variant dominant versiyaga aylandi. Qolaversa, u Osiyo va Yevropa Ittifoqining qator davlatlari, Buyuk Britaniya hamda Avstraliyada ham roʻyxatga olindi.

    Laboratoriya tadqiqotlaridan soʻng XBB.1.16 “kraken” deb atalgan XBB.1.5 versiyasidan ham yuqumliroq, degan xulosaga kelindi.

    Ayni sababdan ekspertlar kasallikni jilovlashning eng toʻgʻri va samarali yoʻli toʻliq bosqichda hamda buster dozada emlanish, deb taʼkidlamoqda.