“Ommaviy diktant” loyihasi davom etmoqda

    Loyihaning navbatdagisi Jamoat xavfsizligi universitetida oʻtkazilib, universitetning 700 ga yaqin kursant va talabalari ishtirok etdi.

    “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashining “Ayollar va yoshlar qanot”lari tashabbusi bilan Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi bilan hamkorlikda “Ommaviy diktant” loyihasi davom etmoqda. Loyihaning navbatdagisi Jamoat xavfsizligi universitetida oʻtkazildi.

    Loyihada universitetning 700 ga yaqin kursant va talabalari ishtirok etib, Nizom talablari asosida oʻzlarining savodxonlik darajasini koʻrsatdi.

    Loyiha Nizomiga muvofiq bundan koʻzlangan maqsad aholining oʻzbek tilini bilish darajasini oʻrganish, nutq madaniyati bilan bogʻliq salbiy taʼsirlarga qarshi kurashish, oʻzbek yozuviga asoslangan lotin alifbosiga oid islohotlarni jadallashtirish va bu borada boshqaruv organlari hamda jamoatchilik vakillari masʼuliyatini oshirishdir.

    Oʻzaro kelishuvga asosan Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi bilan hamkorlikda muntazam ravishda respublika miqyosida korxona, tashkilot, muassasalarda “Ommaviy diktant” loyihasi oʻtkaziladi.

    Tadbirda Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi mutaxassislari kursantlar va talabalardan “Milliy qadriyatlar ona tili bilan singadi” mavzusida diktant oldilar. Yakuniy natijalarga koʻra oʻn nafar talaba va kursantlar gʻolib deb topilib (1-oʻrin 2 nafar, 2-oʻrin 4 nafar, 3-oʻrin 4 nafar), Milliy tiklanish demokratik partiyasining esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.