“Chigʻatoy gurungi”, Yangi alifbo qoʻmitasi, Til-termin qoʻmitasi singari tashkilotlar tomonidan XX asrning 20–30-yillarida oʻzbek tilining ilmiy asoslari, yangi lotin yozuvi, imlo qoidalari ishlab chiqildi. Bunday tadbirlar natijasida ilk milliy darsliklar, qoʻllanmalar, grammatikalar va lugʻatlar yaratildi.
Bu masalada maʼrifatparvar bobolarimiz, xususan Fitrat, Munavvarqori, Shokirjon Rahimiy, Elbek va Ashurali Zohiriy kabi jadidlarning xizmatlari beqiyos. Ular oʻzbek tilini ilmiy asosda oʻrganishga kirishib, arab va rus grammatikasi andozasidan voz kechib, milliy til ruhiga mos imlo va grammatikani yaratishga harakat qildilar.
Jadidlar uchun alifbo shunchaki yozuv emas edi – bu millat kelajagini belgilovchi vosita edi. Ular oʻzbek yozuvining kelajagini arab yoki rus grafikasida emas, lotin yozuvida koʻrganlar. 1926-yilda ilk bor lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosi tasdiqlandi. Bu yangi yozuv – xalqni maʼrifatga olib chiqishning kaliti edi.
Afsuski, 1940-yilda bu harakatlar siyosiy qatagʻonga uchradi. Jadidlar qamaldilar, ularning koʻplari otildi. Lotin yozuvida yaratilgan asarlar yoqildi, xalq kirill yozuviga oʻtishga majbur boʻldi. Ammo oradan yillar oʻtib, tarixiy adolat qaror topdi – Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, biz yana lotin yozuviga asoslangan alifboga qaytdik.
Lotin yozuviga oʻtganimizga qariyb 30-yildan ortiq vaqt oʻtishiga qaramasdan ikki yozuvlilik hali hanuz barham topmadi: istagan kirill yozuvida, istagan lotin yozuvida yozyapti. Mazkur muammoni hal qilish boʻyicha Vazirlar Mahkamasining 61-sonli qarori (2021-yil 10-fevral) qabul qilindi. Mazkur hujjatda 2023-yil 1-yanvardan boshlab tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, barcha tashkilotlarda ish yuritish hujjatlari va boshqa hujjatlarni lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida ishlab chiqish, qabul qilish va eʼlon qilish amaliyotining toʻliq joriy etilishi belgilangan. Davlat organlari va boshqa tashkilotlarning lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida ish yuritishga toʻliq oʻtishini taʼminlash koʻrsatilgan. Shunday boʻlsa-da, gazeta, jurnallar haligacha kirill yozuvda chiqarilyapti, badiiy asarlar hamon kirill alifbosida chop etilyapti.
Yozuvdagi bunday tartibsizlik jamiyatimizning ogʻriqli nuqtasiga aylangan. Keksa avlod lotin yozuvidagi matnlarni tushunishda qiynalyapti, yoshlar esa adabiy meʼyordan chetlashgan, aralash yozuv va loqayd nutqqa oʻrganib qolyapti. Bu esa, millatning madaniy negizini yemiradi. Kirill va lotin grafikasining yonma-yon ishlatilishi qonuniylikka, madaniyatga, eng achinarlisi — til obroʻsiga zid. Shokirjon Rahim aytganidek, “kasal yozuv” – bu ruhiy tanazzulning belgisi.
Ammo tilga munosabat faqat afsus bilan oʻlchanmaydi. Endi bu borada amaliy harakatlar va qatʼiy islohotlar davri keldi. Avvalo:
keksalar uchun lotin yozuvi boʻyicha maxsus kurslar tashkil etilishi;
rasmiy hujjatlarda yagona yozuvga qatʼiy amal qilinishiga erishish;
Ommaviy axborot vositalari va taʼlim tizimida adabiy til meʼyorlarining mustahkamlanishi – dolzarb masalaga aylanishi lozim.
Bu borada Prezidentimizning 2019-yil 21-oktyabrda qabul qilingan PF-5850-sonli farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-yanvardagi 34-sonli qarori tarixiy qadam boʻldi. Mazkur hujjatlar asosida barcha davlat idoralarida davlat tiliga rioya etilishi boʻyicha maslahatchi lavozimi joriy etildi.
Bu lavozimdagi shaxslarning mehnati koʻpchilikka koʻrinmas, ammo oʻta masʼuliyatlidir. Har bir rasmiy hujjatdagi imlo, uslub va tinish belgilaridagi aniqlik, reklama matnlarining toʻgʻri yozilishi, peshlavhalar, geografik nomlar adabiy meʼyorlarga mos yozilishi – bularning barchasi ularning eʼtiborida.
Tashqi yozuvlarni davlat tilida toʻgʻri va meʼyoriy rasmiylashtirish — bu faqat maslahatchilarning vazifasi emas, balki har bir fuqaroning milliy burchi va maʼnaviy masʼuliyatidir. Ona tilga hurmat — Vatanga sadoqat ifodasidir. Xato yozuvlar va boshqa tillardagi nomlar nafaqat estetik, balki maʼnaviy nuqson hisoblanadi. Tilini ardoqlagan xalq – oʻz tarixini va kelajagini asragan xalqdir.
Bugun esa oʻsha fidoyilarning orzusi — yagona, adabiy meʼyorga asoslangan, milliy ruhga sodiq yozuvni barpo etish barchamizning burchimizga aylanishi kerak. Har bir toʻgʻri yozilgan harf – bu tarixga hurmat, kelajakka ishonch. Har bir xato yozilgan matn – bu millat xotirasiga xiyonatdir.
Alifbo – millat koʻzgusi, yozuv – uning abadiy yodgorligidir. Tilni asrash – shunchaki toʻgʻri yozish emas, balki millatni, madaniyatni, asrash demakdir.
Shuni yodda tutaylik: alifbo taqdiri – til va millat taqdiridir.
Gulnoza Sobirova,
Xorazm viloyati, Tuproqqalʼa tumani hokimining
davlat tilida ish yuritish masalalari boʻyicha maslahatchisi.








