Oʻzbek tili “Ark Buloq”ga oʻgaymi?

    Dolzarb 28 May 2025 736

    Yaqinda “Ark Buloq” savdo majmuasiga bordim. U yer oziq-ovqat, qurilish mollari sotiladigan xalqaro savdo markazlaridan biri. Ana shu xalqaro savdo markazida ham milliy ogʻrigʻimiz koʻzga tashlanadi.

    Joylardagi peshlavhalaru ovqat nomlarinidan tortib oʻzbek tilida yozish talab qilinayotgan bir vaqtda u yerdagi bannerlar va reklamalarning asosiy qismi chet tillarida yozilgan. Uning yonida joylashgan “Erkin savdo” majmuasi ham xuddi shunday ahvolda. Bu savdo markazlarida oʻzbek tilida yozilgan soʻzlarni topish mushkul. Bundan tashqari, kimdir uyini ijaraga bermoqchi yoki sotmoqchi boʻlsa ham, eʼloni ajnabiy tilda yozadi. Bu, tilimizga nisbatan hurmatsizlik emasmi?

    Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat tili haqida”gi Qonunning 20-moddasida shunday deyilgan: “Lavhalar, eʼlonlar, narxnomalar va boshqa koʻrgazmali hamda ogʻzaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va eʼlon qilinadi, hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin”. Afsuski, “Ark Buloq” singari yirik savdo majmualarida bu qonunga yetarlicha amal qilinmayapti.

    Jamiyatda tilimizga boʻlgan eʼtiborsizlik oqibatida bunday muammolar koʻpayib bormoqda. Aslida, til haqida qaygʻurish faqat hukumat, tilshunos yoki jurnalistlarning ishi emas, balki shu yurtda yashayotgan har bir insonning vazifasi hisoblanadi.


    Abduxoliq Oʻlmasov,

    OʻzDJTU talabasi