Toshkentda ruxsatsiz oʻrnatilgan reklama shitlari, bannerlar va peshlavhalar olib tashlanayotgani maʼlum qilindi

    Shahar infratuzilmasi tahliliga koʻra, ruxsatsiz oʻrnatilgan reklama shitlari, bannerlar va peshlavhalar obodonlashtirish qoidalarini buzib, poytaxt koʻchalari va tumanlarining koʻrinishini buzmoqda.

    Qonuniylikni taʼminlash va poytaxtning meʼmoriy yaxlitligini saqlash maqsadida maxsus xizmatlar tegishli ruxsat hujjatlari boʻlmagan reklama konstruksiyalarini olib tashlamoqda. Bu haqida Toshkent shahar hokimligi maʼlumot berdi.

    Bildirilishicha, shahar infratuzilmasi tahlili shuni koʻrsatadiki, ruxsatsiz oʻrnatilgan reklama shitlari, bannerlar va peshlavhalar obodonlashtirish qoidalarini buzib, poytaxt koʻchalari va tumanlarining koʻrinishini buzmoqda.

    Shuningdek, piyodalar yoʻlaklari va yoʻl chetlarini toʻsib qoʻyib, ayniqsa kam harakatlanuvchi fuqarolarning yurishini qiyinlashtirmoqda hamda yoʻl harakati xavfsizligiga xavf tugʻdirib, yoʻl belgilarini koʻrishga xalaqit bermoqda.

    Bundan tashqari, muhandislik tarmoqlariga, jumladan sugʻorish kanallariga zarar yetkazib, yomgʻirli mavsumda hududlarning suv bosishiga sabab boʻlmoqda.

    Yuqoridagilarni inobatga olib, Toshkent shahar hokimligi biznes egalari, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda ijarachilarga tashqi reklama va axborot konstruksiyalarini joylashtirish yuzasidan murojaat yoʻlladi.

    «Reklama obyektlaringiz — bannerlar, koʻrsatkichlar, konstruksiyalarni joylashtirish uchun rasmiy ruxsatnoma borligiga ishonch hosil qiling.
    Joylashtirilgan reklamalar texnik talablarga javob berishi va piyodalar hamda transport vositalarining harakatiga toʻsqinlik qilmasligiga ishonch hosil qiling.
    Qoidabuzarlik holatlari aniqlansa, jarimalar va qoʻshimcha xarajatlardan qochish uchun obyektlarni oʻzingiz bartaraf eting.
    Eslatib oʻtamiz: tashqi reklamani joylashtirish uchun yagona qonuniy asos Toshkent shahri vakolatli organlari tomonidan berilgan hujjatlardir», deyiladi hokimlik murojaatida.

    Maʼlumot uchun, maslahat olish yoki ariza topshirish uchun davlat xizmatlarining onlayn servislaridan foydalanishingiz yoki quyidagi 71 210 0433, 71 210 0266 raqamlarga murojaat qilishingiz mumkin boʻladi.