Ommaviy qabullarda 917 nafar fuqaro 983 ta masala boʻyicha murojaat qildi. Murojaatlarning 368 tasi joyida hal etildi, qoʻshimcha oʻrganish talab etilgan 547 tasining koʻrib chiqilishi nazoratga olindi, 47 tasiga huquqiy maslahat, 21 tasi boʻyicha joyida tushuntirish berildi.

Murojaatlarda eng koʻp – 174 ta masala sud huquq sohasiga oid boʻldi. Shuningdek, murojaatlarning 120 tasini uy-joy bilan taʼminlash, 92 tasini prokuratura, 70 tasini sogʻliqni saqlash, 43 tasini bank krediti hamda 41 tasini ichimlik suvi va oqova suvi masalalari tashkil etdi.

Biroq yillar davomida aholini qiynab kelayotgan muammolarning barchasini bir kunda yoki bir martalik qabullar davomida hal etib boʻlmasligi aniq. Ommaviy qabullar davomida yechimi katta investitsiya, koʻp mablagʻ, vaqt talab etadigan muammolar ham anchagina ekanligi aniqlandi.

Jumladan, Gʻallaorol tumani, Sangzor daryosining Oqtom mahalla fuqarolar yigʻini hududidan oʻtuvchi qismida 7 mingga yaqin aholi foydalanayotgan koʻprikni taʼmirlash uchun respublika byudjetidan 2,7 milliard soʻm mablagʻ ajratish soʻraldi.

Zomin tumanida bahor oylarida sel oqimlari kelishi oqibatida buzilib, foydalanishga yaroqsiz ahvolga kelgan Achchi qishlogʻidagi 23 kilometr ichimlik suv tarmoqlari taʼmirlash uchun 1,7 milliard soʻm, “Yuksalish” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi 2 ta koʻprikni qurish uchun 2 milliard soʻm talab etiladi. Shuningdek, Zomin tumanining bir qator hududlarida 2020-yil 29-apreldan 18-mayga qadar vaqti-vaqti bilan kuchli shamol, doʻl va sel oqimlari kelishi oqibatida jiddiy zarar yetgan 19 ta qishloqdagi uy va yordamchi xoʻjalik binolari, 23 kilometr ichimlik suv tarmogʻi, 4 ta koʻprik taʼmirlanmasdan qolmoqda.

Paxtakor tumani Yorqin shaharchasi va Birlik qishlogʻiga ichimlik suvi quvurlarini yangilash, Suvonobod mahallasidagi 15-sonli umumtaʼlim maktabi binosini kengaytirish, Yangiobod tumanidagi 14-maktabning isitish tizimini taʼmirlash hamda yangi sport zali qurish ishlari anchagina mablagʻ talab etadi. Forish tumanida gaz toʻldirish shoxobchasi qurib, belgilangan gaz limitini koʻpaytirish, Doʻstlik tumani Qahramon qishlogʻidagi 13-sonli maktabgacha taʼlim muassasasi binosini rekonstruksiya qilish uchun ham Respublikaning tegishli vazirlik va idoralaridan amaliy yordam kerak.

Afsuski, respublika idoralarining koʻmagisiz hal etilishi qiyin boʻlgan masalalar shulardangina iborat emas. Zarbdor tumanidagi “Taraqqiyot” 190 oʻrinli 1 ta davlat maktabgacha taʼlim muassasasi va “Toza urugʻ” MFYda 170 oʻrinli 1 ta davlat maktabgacha taʼlim muassasasi qurishga ehtiyoj mavjud boʻlsada, investitsiya dasturlariga kiritilmasdan qolgan.

Bundan tashqari, “Sardoba” suv omboriga texnogen halokat oqibatida viloyatda gʻoʻza maydonlarini sugʻorishda muammolar vujudga keldi. Mavsumda qishloq xoʻjalik ekinlarini uzluksiz suv bilan taʼminlash uchun viloyat boʻyicha 9,2 milliard soʻmlik 214 dona nasos agregatlariga ehtiyoj mavjud.

“Obod markaz” dasturi doirasida tuman markazlarini qaytadan qurishda yuzaga kelayotgan muammolar koʻlami esa ayniqsa katta. Bu yoʻnalishda bundan 60-70 yil ilgari qurilgan barak tipidagi uylarning buzilishi bilan aholini uy bilan taʼminlash, yangi massivlarda injiner muhandislik infratizimini barpo etish, ayniqsa, kanalizatsiya tarmogʻi qurilishida jiddiy muammolar odamlarni qiynab kelayotir.

Masalan, 2019-yil “Obod markaz” loyihasi asosida Doʻstlik tumani Chinobod mahallasida barak uylar atrofidagi zaruriy ehtiyojdan kelib chiqib ruxsatsiz qurilgan hojatxona, hammom kabi qoʻshimcha binolar buzib tashlanib, ushbu inshootlarni mahalliy byudjet hisobidan zamon talablari asosidagi uylarni qurish belgilangan edi. Ammo mahalliy byudjetda mablagʻ yetishmasligi tufayli baraklarda fuqarolar qiyin sharoitlarda yashab kelmoqda. Avval ijtimoiy tarmoqlarda bir necha marotaba koʻtarilgan bu muammo boʻyicha fuqarolar ommaviy qabulda yana murojaat qildi.

Shuningdek, tuman boʻyicha ichimlik suvi quvurlarining 30 foizi – 175 kilometri va mavjud 6 ta suv uzatish inshootining barchasi yaroqsiz, taʼmirtalab holatda.

Arnasoy va Paxtakor tuman markazidagi koʻp qavatli uylarning oqova suv chiqarish (kanalizatsiya) tizimi ishlamaydi, taʼmirtalab, natijada koʻpchilik uylarda aholi qoʻlbola rezina quvurlar orqali uy atrofiga chiqindi suvlarini chiqarib tashlagan. Buning oqibatida aholi turmush tarzida noqulayliklar yuzaga kelmoqda, yuqumli kasalliklar kelib chiqish xavfi mavjud. Bundan tashqari, Arnasoy tumanida ichimlik suvi yetishmasligi aholi noroziligiga sabab boʻlmoqda.

Ommaviy qabulga Zafarobod tumanining ayrim hududlarida mavjud drenajlarning ishlamasligi, Mirzachoʻl tumanidagi 1976-yilda qurilgan 8-umumiy oʻrta taʼlim maktabini rekonstruksiya qilish, Gulzor qishlogʻi aholisini ichimlik suvi tarmogʻini taʼmirlash Yangiobod tumani Sovot qishlogʻi aholisini ichimlik suvi bilan taʼminlan kabi masalalar yuzasidan ham qilingan murojaatlarga muammo hududning oʻzida hal etilmayotgani sabab boʻlmoqda.

Ommaviy qabuldagi murojaatlar tahlillaridan imtiyozli kreditlar banklar tomonidan asossiz ajratmaslik, hujjatlarda san-salorliklarga yoʻl qoʻyish yoki tanish-bilishchiliklarning avj olishi, qator muammolarning yillab xal boʻlmasligi odamlarda jiddiy norozilik tugʻdirayotgani koʻrinib turibdi. Qabul davomida viloyat aholisi uchun dolzarb boʻlgan muammolar oʻrganib chiqilib, respublika darajasida hal etiladigan masalalarni hal etish yuzasidan takliflar tayyorlandi.