Misol uchun, Asaka tumani “Fayz” mahallasiga aholi koʻchib chiqqaniga salkam 70 yil boʻlyapti. Ammo shuncha paytdan beri ular ichimlik suvini qoʻshni mahalladan tashib ichishgan. Qabulda Prezident Xalq qabulxonasi vakillariga yoʻllangan murojaat bois bugun “Fayz” mahallasiga fayz kirmoqda: 2,7 kilometr suv tarmogʻi tortilishi bilan mahallaning 70 yillik muammosi hal qilinmoqda.
Buloqboshi tumanidan kelgan Odinaxon Soliyeva yangi suv qudugʻi qazib berish yuzasidan murojaat qildi. Ushbu xayrli tashabbus natijasida tumandagi “Zargʻaldoq” MFY Novvoq koʻchasida istiqomat qiluvchi 165 ta xonadon yashnab ketdi. 25 yildan beri qoʻshni mahalladan ichimlik suvi tashib keladigan aholining mushkuli aridi.
Xuddi shunday murojaat asosida Andijon tumanining “Besh boʻynoq” mahallasida ham 3 kilometr ichimlik suvi tarmogʻi tortilmoqda. Bu bilan “Besh boʻynoq”dagi 210 ta xonadonga obihayot kirib boradi.
Oltinkoʻl tumani “Akramobod”, “Oʻrtaqaychi” mahallalari aholisi esa tomorqalaridan koʻngildagidek hosil olisholmayotgan edi. Sababi sizot suvlari sathi koʻtarilgan, shoʻrlanish darajasi oshgan edi. Murojaatlar asosida 1,5 kilometr zovur tozalanishi bilan yerosti suvlari sathi 2 metrgacha pasayadi.
Xuddi shunday muammo Oltinkoʻlning boshqa hududlari aholisini ham tomorqasidan samarali foydalanishiga xalal berib kelayotgan edi. Aholi murojaatlaridan soʻng bu tizimli muammo tahlil qilinib, tumandagi 97 kilometr ariq-zovurlar qazilib, 1 ming 700 gektar ekin maydonining meliorativ holatini yaxshilash ishlari boshlab yuborildi.
Saidakbar Zokirov esa Andijon shahrida mavsumiy ish bilan shugʻullanishini aytib, 5 nafar farzandni voyaga yetkazish-u roʻzgʻorini butlash uchun katta magistral yoqasidagi bekatda savdo doʻkoni tashkil etishda yordam soʻradi. Masʼullar bu masalada Saidakbar akaga amaliy koʻmak koʻrsatadigan boʻldi. Shu bilan birga, bu inson Avtomobil yoʻllari qoʻmitasining viloyat boshqarmasi tizimiga ishchilikka qabul qilindi.
Shu singari murojaatlardan soʻng subsidiya asosida boʻstonlik 34 yoshli Mavsuma Roʻzimatova kabi bir qator xotin-qizlarga zamonaviy tikuv mashinalari topshirilgan boʻlsa, Boʻstonlik Ominaxon Jalolova va ulugʻnorlik Shahnozaxon Doʻstmatova xonadonlariga ixcham issiqxonalar qurib berildi.
Fuqarolar huquqlarini himoya qilish asnosida ham qator murojaatchilar bandligi taʼminlandi. Aytaylik, Oltinkoʻl tumanidagi maktabgacha taʼlim tizimida ishlagan Matluba Qoʻchqorboyeva bola parvarishi taʼtilidan soʻng ish joyiga tiklanmay sarson yurgan ekan. Garchi bu orada maktabgacha taʼlim tizimi boʻyicha kasb-hunar kollejini ham bitirgan boʻlsa-da, shunda ham bolalar bogʻchasiga ishga olinmagan ekan. Bosh prokuratura masʼullariga murojaatidan soʻng bu ayol Oltinkoʻl tumanidagi 21-davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida ish boshlaydigan boʻldi. Xuddi shunday murojaat asosida Buxajal Hamdamova Oltinkoʻl tumanidagi 5-maktabgacha taʼlim tashkilotiga ishga qabul qilindi. Shahrixonlik Muhabbatxon Hoshimova esa tuman bandlikka koʻmaklashish markazi inspektori vazifasida ish boshladi.
Ichki ishlar vazirligi masʼullari tizimga ishga kirish istagidagi 5 nafar nomzod bilan shu yerda muloqot qilgach, ular mazkur sohada ish boshladi. Yana bir nomzodga esa boʻlib oʻtadigan tanlovlarda ishtirok etish uchun ruxsat berildi. Misol uchun Durbek Joʻrayev jamoatchilik asosida Andijon shahar “Jumabozor” mahalla fuqarolar yigʻinida profilaktika inspektori yordamchisi sifatida ishlab kelayotgandi. Endi u Andijon shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimi boʻldi.
Boʻstonlik Mohlaroy Akromova Andijon davlat tibbiyot instituti farmakalogiya yoʻnalishining 3-bosqichida tahsil oladi. Oilaviy sharoiti esa unga toʻlov shartnoma pullarini toʻlashga monelik qilmoqda. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi masʼullaridan shu masalada amaliy yordam soʻragach, talaba qizning kontrakt summasi institut tomonidan amalga oshirib beriladigan boʻldi. Andijon davlat universitetining talabalari boʻlgan Feruza Rahmonova hamda Saidamirxon Noʻmonxoʻjayevlarga ham institut tomonidan shartnoma pullari toʻlab berildi. Buloqboshida oʻtkazilgan qabulda 4 nafar talabaga ana shunday toʻlovlar amalga oshirildi.
Boʻstonlik Raʼnoxon Abdurahimova va izboskanlik Omadxon Sodiqova Kadastr agentligi masʼullaridan uy-joylarini kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishda amaliy yordam soʻrashdi. Ikki murojaat asosida ularning hovlilari belgilangan tartibda rasmiylashtirib berildi.
Andijonlik Muqaddas Roʻziyeva onasining onkologik xastaligini davolashda amaliy yordam soʻragach, ijtimoiy himoyaga muhtoj bu ayolga bepul jarrohlik amaliyotini oʻtash va davolanish uchun order ajratildi.
Sud-huquq tizimiga oid qator masalalar ham shu yerda hal qilindi. Murojaatlar asosida jinoyat ishlari boʻyicha tuman-shahar sudlari tashkil qilgan sayyor sud majlislarida 14 nafar shaxs jazoni oʻtashdan muddatidan oldin shartli ozod qilindi.
Andijon shahridan Ravshanbek Mirzaqosimov toʻrt yil avval hovlisini bir tanishiga 40 ming AQSH dollariga sotmoqchi boʻladi, unga ishonib, pulning bir qismini oladi-yu hovlini tanishga xatlab beradi. Biroq tanish degani hovlini olvolgach, notanishga aylanadi. Aldagani kamdek pulni qaytarmaslik uchun unga taziyq ham oʻtkazadi. Ichki ishlar vazirligi masʼullariga murojaatdan soʻng dastlab Ravshanbekka himoya orderi berildi. Shu kunning oʻzida qarzdordan mablagʻi ham undirib berildi.
Davlatimiz rahbari topshirigʻi asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining ommaviy qabullarida 1533 ta masala koʻrib chiqilib, ularning 694 tasi joyida hal qilindi. 170 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan boʻlsa, 566 ta murojaatni hal qilish boʻyicha aniq muddat va masʼullar belgilanib, nazoratga olindi.