Ommaviy qabullar: Sirdaryoda qanday masalalar hal etildi?

    Ijtimoiy hayot 19 Aprel 2021 1432

    Fuqarolarning sud-huquq sohasidagi murojaatlariga samarali yechim topish uchun yana-da qulay sharoit yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Prezident Xalq qabulxonalari, Oliy sud, Sudyalar Oliy Kengashi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi hamda Davlat bojxona qoʻmitasi rahbar xodimlari ishtirokida joylarda ommaviy qabullar tashkil etib kelinmoqda.

    Guliston, Yangiyer, Shirin shaharlari, Sirdaryo va Oqoltin tumanlarida sud-huquq sohasi boʻyicha tashkil qilgan ommaviy qabullarda viloyatning barcha hududi aholisi qamrab olindi. Ochiq-oshkora muloqotlarda har bir masalaga qonuniy yechim topish uchun kuch va imkoniyatlar safarbar qilindi.

    Oliy sud masʼullari 211 ta masalani koʻrib chiqib, ularning 103 tasiga joyida yechim topib berdi. Jumladan, qabullar jarayonida Sirdaryo, Sayxunobod, Guliston, Sardoba, Oqoltin, Xovos, Boyovut tumanlari va Shirin shahar sudlari oʻtkazgan sayyor sud majlislarida jami 36 nafar shaxs jazoni oʻtashdan muddatidan oldin shartli ozod qilindi.

    Shuningdek, yana 4 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishlari sayyor sud majlislarida koʻrib chiqilib, ular sud zalidan qamoqdan ozod qilindi, 23 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilindi.

    Ajrashish yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan suhbatlar oʻtkazilib, voyaga yetmagan 23 nafar farzandi bor 16 ta oila yarashtirildi. 46 nafar murojaatchining arizalari asosida ularga aliment undirish yuzasidan sud buyrugʻi chiqarib berildi.

    Bosh prokuratura masʼullari 317 nafar murojaatchining masalalarini viloyat prokuraturasi bilan birga oʻrganib chiqdi. Har bir masala sinchiklab tekshirildi, natijada 170 ta masala joyida hal qilindi.

    Muloqotlar davomida tadbirkorlar muammolarini hal qilishga alohida eʼtibor qaratildi. Deylik, koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligini yoʻlga qoʻygan mirzaobodlik Maftuna Mamajonova nasldor echkilarni koʻpaytirishni maqsad qilganu, biroq niyati imkoniyatlariga toʻgʻri kelmay turgan ekan. Bosh prokuratura mutasaddilariga ayni shu masalada yordam soʻrab murojaat qilgan fermer ayolning bir necha oydan beri bankda sargʻayib yotgan hujjatlari nihoyat qayta koʻrib chiqildi va unga 250 million soʻm kredit ajratilishi taʼminlandi.

    Yana bir tadbirkor Ixmat Qorabekov esa Sardoba kichik sanoat zonasidan 10 sotix yerni ijaraga olib, gʻisht, beton va penablok sexlarini ishga tushirgan, biroq ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida uskunalar sotib olishga mablagʻ topolmay qiynalib yurgan ekan. Tadbirkorning ham ommaviy qabuldagi murojaatidan soʻng uni oʻylantirayotgan muammolarning tuguni yechildi: unga 200 mln soʻm kredit ajratildi.

    Xuddi shunday muloqotlar asnosida jami 7 nafar fuqaroga imtiyozli kreditlar berildi. Sardoba tumanida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 20 nafar yigit-qizlarga dehqonchilik qilishi uchun yer maydonlari ajratildi. Qabullardagi murojaatlaridan soʻng 22 nafar fuqaro esa ishga joylashtirildi. Jumladan, sardobalik Akbarxon Aktamov, Kamola Sariboyeva, Dilbar Abdulazizova obodonlashtirish boshqarmasida, boyovutlik Sitora Habibullayeva mahalla tizimida, yangiyerlik Dilorom Karimova esa maktabgacha taʼlim tashkilotida ish boshladi.

    Bahodir Xolov esa ogʻzaki shartnoma asosida Sirdaryo tumani va Guliston shahridagi aholi xonadonlariga yangi-zamonaviy gaz hisoblash uskunalarini oʻrnatish boʻyicha mehnat qilganini va 11.5 million soʻmlik ish haqlarini ololmayotganidan arz qilib keldi. Murojaatidan soʻng ularga ushbu summani undirib berishda yordam berilishi aytilishi bilan birga bundan soʻng har bir mehnat munosabatlarini faqat va faqat qonuniy asosda yoʻlga qoʻyishi lozimligi, shunda uning huquqlarini himoya qilish huquqiy asosga ega boʻlishi ham tushuntirildi.

    Ichki ishlar vazirligi masʼullari ichki ishlar organlariga ishga kirish, surishtiruv va tergov, fuqarolik, pasport-viza, mol-mulk yoki buyumlarni qaytarib olish va boshqa masalalarga oid 108 ta murojaatni koʻrib chiqdi. Ularning 49 tasi joyida hal qilindi. Xususan, Sirdaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi Probatsiya xizmati nazoratida boʻlgan 16 nafar mahkumlarni mehnatga halol munosabatda boʻlganliklari, ish va yashash joylarida ijobiy tavsiflanganliklari inobatga olinib, ularni muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilish toʻgʻrisida sudlarga taqdimnomalar kiritildi va ular jazodan ozod qilindi.

    Toʻrtta murojaatni oʻrganishlar asosida esa ularda aytilgan holatlar boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad qilish haqidagi qarorlar bekor qilinib, qoʻshimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari oʻtkazishga kirishildi.

    Vazirlik masʼullari bilan muloqotlardan soʻng fuqaroligi boʻlmagan 12 nafar shaxsga Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirildi.

    Shu masala boʻyicha avval murojaat qilgan bir qator shaxslarga esa qabullar doirasida fuqarolik passportlpri- yangi ID-kartalari topshirildi.

    Ommaviy qabullar davomida barcha soha mutasaddilarining birgalikdagi saʼy-harakatlari natijasida 12 nafar fuqaroga shifoxonada bepul davolanishi uchun yoʻllanma, 29 nafar fuqaroga nogironlik aravachasi, eshitish moslamasi, ijtimoiy himoyaga muhtoj 9 nafar ayolga tikuv mashinalari berildi.

    Umumlashtirib aytganda, Sirdaryo viloyatida oʻtkazilgan ommaviy qabullarda 704 nafar murojaatchining 709 ta masalasi koʻrib chiqildi. Ularning 347 tasi joyida hal etildi, 203 ta murojaat boʻyicha huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi, qoʻshimcha oʻrganish talab etiladigan 159 ta masala boʻyicha aniq muddat va masʼullar belgilanib, nazoratga olindi.