Xususan, Sudyalar oliy kengashi va Oliy sud masʼullari viloyat, tuman-shaharlar sudlari bilan birga 124 ta masalani koʻrib chiqdi. Murojaatlar asosida jinoyat ishlari boʻyicha Sayxunobod, Guliston, Sardoba, Mirzaobod, Xovos tumanlari va Yangiyer shahar sudlarida 17 nafar shaxsning ishlari koʻrib chiqildi, 16 nafari ichki ishlar organlarining probatsiya boʻlinmalari taqdimnomalari asosida jazoni oʻtashdan muddatidan oldin shartli ozod etildi. Bir nafar mahkumga nisbatan belgilangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi esa yengilrogʻiga almashtirildi.

Muloqotlar natijasida 26 ta murojaat boʻyicha arizalar Oliy sud tomonidan kassatsiya tartibida hal qilish uchun qabul qilinib, tegishli sudlov hayʼatlariga hal etish uchun oʻtkazildi.

Bosh prokuratura masʼullari tadbirkorlik, tergov-surishtiruv, sud qarorlari ijrosi, ijtimoiy himoya, uy-joy va moddiy yordam ajratish, qurilish va kommunal sohasida qonun ustuvorligini taʼminlash, mansabdor shaxslar xatti-harakatlari yuzasidan zarur choralar koʻrish kabi masalalarga oid 165 ta murojaatni koʻrib chiqib, ularning 100 dan ziyodiga yechim topdi. Eʼtiborlisi, bu jarayonda koʻplab tadbirkorlarning bank kreditlari olish bilan bogʻliq muammolari ham hal qilindi.

Masalan, Rustam Togʻayevning ham murojaati asosida tomorqa xizmatini tashkil etish uchun soʻralgan 150 million soʻm kredit hujjatlari bilan bogʻliq muammo hal qilinib, bank tizimiga yangidan ariza rasmiylashtirildi. Boyovutlik Xadicha Shodmonqulovaga esa xususiy bogʻchasini jihozlashi uchun kredit ajratilishida amaliy yordam berildi. Muloqotlar davomida 16 nafar murojaatchiga 289,3 million soʻm imtiyozli kreditlar ajratilishi taʼminlandi.

Ichki ishlar vazirligi mutasaddilari koʻrib chiqqan 71 ta masalaning ham 42 tasi joyida hal qilindi. Murojaatlarning asosiy qismini surishtiruv va tergov, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jazodan muddatidan avval ozod etish, jazoni ijro etish, ichki ishlar organlari xodimlarini ishga qayta tiklash, fuqarolik, pasport-viza, mol-mulkni olib qoʻyish va qaytarmaslik kabi yoʻnalishlar tashkil etdi.

Bir misol, mirzaobodlik 44 yoshli Abduhakim Ismoilov ham Ichki ishlar vazirligi masʼullari oldiga adolat soʻrab keldi. Murojaatchining aytishicha, bir oy avval tanishlaridan biri uni koʻchada doʻpposlab, tan jarohati yetkazgan. Bu holat boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, ammo jabrlanuvchi aybdorga nisbatan qoʻllanilgan ehtiyot chorasidan norozi boʻlmoqda. Bu masala ham toʻplangan hujjatlar asosida oʻrganilgach, aybdorga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

Ikki kunlik qabullarda viloyat hokimligi, adliya, soliq, bojxona, Milliy gvardiya boshqarmalari masʼullari ham koʻplab murojaatlarni qabul qilib, qator masalalarga yechim topdi.

Sud-huquq sohasi boʻyicha ochiq-jonli muloqotlar boshqa hududlarda ham davom ettiriladi.