O‘monlik tadbirkorlar qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlashda hamkorlik qiladi

    Biznes 12 Yanvar 2025 212

    O‘monlik yirik shirkat bilan O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga qaratilgan korxona ta'sis etish masalasi muhokama etildi.

    O‘zbekiston elchisi Abdusalom Xatamov O‘monda o‘simlik moylari va ularning hosilalari, margarinlar, maxsus yog‘lar, oshpazlik moylari, sariyog‘, ketchup va mayonez ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik kompaniya «Areej Vegetable Oil & Derivatives SAOC» ijrochi direktori Salem Nasser al-Bortmani bilan uchrashuv o‘tkazdi.

    Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan qo‘shma shirkat ta’sis etish va bu sohada mavjud shirkatlarga sarmoya kiritish bo‘ldi.

    Muloqot chog‘ida «Areej Vegetable Oil & Derivatives SAOC» tomonidan Samarqand viloyatiga sarmoya kiritgan holda ketchup ishlab chiqarishga qaratilgan korxona ta'sis etish hamda tomat pastalarini O‘monga importini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama etildi.

    O‘monlik hamkor bilan yaqin kunlarda birlamchi ravishda o‘zbekistonlik tadbirkorlar ishtirokida onlayn uchrashuv o‘tkazish va keyinchalik kompaniya vakillarining O‘zbekistonga tashrifini uyushtirishga kelishib olindi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.