Bugun o'zbek tilining nufuzini oshirishga jiddiy qaratilayotganiga hammamiz guvoh bo'lib turibmiz. 21 oktyabr` sanasining “O'zbek tili bayrami kuni” deb e'lon qilinishining o'zi bu borada hech bir izohga o'rin qoldirmasa kerak. Tilimiz mavqeini tubdan oshirishga qaratilgan Farmon doirasida boshlangan ishlar esa tom ma'noda davlat boshqaruvining barcha bo'g'inlarida aks-sado bera boshladi.

Ammo, afsuski, tilimiz taraqqiyotiga xizmat qilish yo'lida hamon mas'uliyatni his etmaslik, milliylik, boringki, davlat siyosatiga panja ortidan qarash holatlari uchrab turibdi.

O'zingizga yaxshi ma'lum, poytaxt mamlakatning yuzi. Unda millatning ming yillik an'analari zamonaviy turmush bilan uyg'unlashadi. Hududlar ham poytaxtdagi o'zgarishlardan andoza olib o'zgaradi, rivojlanadi. Ammo bugungidek, har qadamda boshqa tilda osilgan reklamalar, katta-katta harflarda til qoidasining qo'pol buzilishlari ushbu rivojlanish uchun andoza bo'lmasligi kerak.

Shuni nazarda tutgan holda hukumatimiz tomonidan joriy yil boshida “Mamlakatimizda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to'g'risida” qaror qabul qilindi. Mazkur qaror bilan barcha darajadagi rahbarlarga, xususan, viloyat, tuman, shahar hokimlariga ish yuritishni davlat tilida tashkil etish uchun shaxsiy mas'uliyat yuklandi.

Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan joriy yilning mart oyida barcha mahalliy ijro organlariga reklama va e'lonlar tilini tartibga solish bo'yicha aniq topshiriqlar berilgan edi.

—Respublikamizda jami 10600 dan ziyod tashqi reklama osadigan qurilmalar bor. SHuning 7134 tasi poytaxtimizda joylashgan, — deydi Vazirlar Mahkamasining o'zbek tilini rivojlantirish departamenti bo'lim mudiri SHahobiddin Musaev. — Mas'ullar tomonidan o'tkazilgan xatlov jarayonida Toshkent shahridagi tashqi reklama konstruktsiyalarining 45 foizida kamchilik aniqlandi. Va bu faqat texnik talablarga ko'ra! Til qoidalariga ularning deyarli hech biri javob bermaydi. Bu esa butun mamlakat tashqi reklama bozorining 70 foizi joylashgan poytaxtda tashqi reklama konstruktsiyalari hamon tartibsiz o'rnatilayotganini ko'rsatadi. Bu o'rinda vaziyat avvalo, hokimlik mas'ullarining javobgarligini davlat tiliga munosabatini tubdan oshirish kerakligini taqazo etyapti. Mahalliy boshqaruv organlarida tashqi reklamalarning mazmunini nazorat qiladigan, monitoringini yuritib, kamchiliklarini to'g'rilaydigan bo'g'in ishi hamon sust. Bugungacha mamlakat bo'ylab 3500, jumladan, Toshkent shahrida 1200 dan ziyod tashqi reklama bannerlari davlat tilidagisiga almashtirildi.

Shu kabi holat geografik ob'ektlarni nomlash yo'nalishida ham kuzatilmoqda. Viloyat, tuman (shahar) Xalq deputatlari Kengashlarining tegishli qarorlari bilan tasdiqlangan 15 062 ta nom Respublika toponimika xizmati mutaxassislari tomonidan o'rganib chiqilgan. Shundan, qonun hujjatlariga muvofiq bo'lgan 8 350 ta nom belgilangan tartibda Geografik ob'ektlar nomlarining davlat reestri bazasiga kiritilgan. 3 366 tasi qonun hujjatlari talablariga nomuvofiq deb topilib, hududiy komissiyalarga qaytarilgan. Hozirgi kunda 2 806 ta nom qo'mita mutaxassislari tomonidan ko'rib chiqilmoqda.   Mutasaddining ta'kilashicha, reklama bozorining tilga doir muammolari echimiga mahalliy mas'ullarning tizimli e'tibori suv va havodek zarur!

Departamentning Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etgan videoselektor yig'ilishida ham barcha hududiy oliy ta'lim muassasalarining mas'ul xodimlari bilan ayni shu masalalar jiddiy tahlil qilindi. Yig'ilish davomida shunga amin bo'ldimki, oliy ta'lim muassasalari rektorlari tilimizning qadrsizlanishiga qarshi kurashishga bugun yangicha yondashishga tayyor. To'g'rirog'i, ularning bu boradagi harakatlarini qo'llab-quvvatlab, kerak bo'lsa himoya qilinsa, ziyoli qatlam kuchi bilan ijobiy natijalarga erishishimiz mumkin. Shu o'rinda e'tiborimni tortgan bir jihatga alohida to'xtalishni joiz topdim. Toshkent pediatriya tibbiyot instituti O'zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri Kavsar Turdieva institut talabalari o'rtasida “Savodli hudud” aktsiyasi tashkil etilganini ma'lum qildi. Mazkur aktsiya doirasida pedagoglar talabalarni ko'chalardagi reklama e'lonlarining to'g'ri yozilishini targ'ib qilishga jalb etishayotganidan hursand bo'ldim. Qaysi ma'nodaki, bugun yosh avlod bu masalaga jiddiy yondashsa, tilimiz bilan bog'liq qusurlarga befarq bo'lmasa, kelgusi avlodlar ham shu ruhda tarbiya topadi. Xato yozilgan peshlavhalar, reklama e'lonlari tufayli talabalardan ogohlantirish olayotgan xokimlik mutasaddilari, tashkilot rahbarlariyu, do'kondorlarning vijdonlari uyg'onsa zora. To'g'ri, yuqori tashkilotlar, ommaviy axborot vositalarining tinimsiz targ'ibotlaridan ta'sirlanmayotgan mas'ullar talabalarning kichik tadqiqotlarini nazarga iladimi, deyishingiz mumkin. Bunga javoban aytmoqchimanki, aynan talabalar qiziqqon, tadqiqotlar olib borish, ustozlar tomonidan berilgan topshiriqlarni mukammal ado etishga mas'uliyatli bo'lishadi. O'zlari uchun qiziq bo'lgan tadqiqotlarining natijalari ham ular uchun albatta qiziq. Ko'rsatma olgan shaxslar ishga qanday yondashganini nazorat qilish va agar natija ijobiy bo'lsa, yanada ruhlanish talabalarga g'urur bag'ishlaydi. Bunday ishlari uchun ular rahbariyat tomonidan rag'batlantirilib turilsa bormi?... Muhim jihati, bu bilan ular o'zlarini ma'lum bir lavozimda ishlash, ishxona tomonidan beriladigan topshiriqlarni muvaffaqiyatli bajarishga ham tayyorlab borishlari mumkin. SHu ma'noda ham shu kabi sa'y-harakatlar yurtimizning barcha oliygohlarda amalga oshirib borilsa, yoshlarda ona tilimizga ro'yi rost muhabbatni uyg'otish mumkin. Zero, bugun aksariyat yoshlar chet elcha nomlanishlarga xayrihoxlik ko'rsatib, o'zbekcha nomlardan ko'ra ularni jozibador sanayotgani ko'ngilni xira qiladi. Ko'plab yoshlar uchun “Mы otkrilis`”ning “Biz ochildik”dan jarangdor tuyulayotgani, “ochiq” so'zi o'rniga “otkrыto” yoki “open”ni qo'llash tabiiy hol ekani ham fikrimizning isbotidir. Bu masala bilan bog'liq rad eta olmaydigan mas'uliyatsizliklar yuzasidan Abdug'affor Qirg'izboev ham ziyolilar bilan suhbatda g'oyat kuyunib ta'kidladiki, barcha ishtirokchilar uning bu kabi asosli fikrlarini qo'llab-quvvatladi.

Xulosa o'rnida alohida ta'kidlashni istar edimki, barcha viloyat va tumanlarimizda poytaxt tumanlarida bo'layotgani kabi tanqidiy-tahliliy chiqishlar, targ'ibot ishlari jiddiy yo'lga qo'yilsa, hokimliklardagi til masalalari bo'yicha maslahatchilar hokimlarning allaqanday qo'shimcha topshiriqlari emas, o'z vazifalari bilan mashg'ul bo'lsalar, farmon va qarorlardan kutilayotgan samaradorlikkka erishishimiz mumkin.

Ma'rifatparvar alloma Mahmudxo'ja Behbudiy hatto ona tilining chinakam ona tiliga aylanishi uchun avvalo onalarni savodli etmoq lozimligini o'sha davrdayoq aytib o'tgan. Siz bilan biz esa shiddat bilan rivojlanayotgan yangi davrda yashayapmiz. Shunday ekan, til masalasi ham tarbiya masalasi kabi g'oyat nozik ekani, unga muhabbat oiladan boshlanishini balandparvozlikka yo'ymaylik. Axir ilm-ma'rifatning qudrati har qachongidan-da yaqqol namoyon bo'layotganini ko'rib-bilib turibmizku? Til o'rganish farzandlarimizning eng birlamchi maqsadiga aylanyapti. Bu albatta quvonarli. Ammo, ona tilini mukammal bilmay turib, o'zga tillarni ham chuqur o'rganib bo'lmasligini ularga siz-u biz uqtirishimiz kerak. endigina o'z ona tilisida gapirib yo gapirmagan bolamizni rus bog'chalariga berib o'rtada sarson qilayotganimizni nahot tushunmasak? Yoki rusiyzabondan umuman poydevori bo'lmagan boshlang'ich sinfdagi farzandimizni yuqori bosqichda rus sinfiga amallab tiqishtirayotganimiz qay darajada to'g'ri ekanini bir o'ylab ko'rmasak?

Bularning barchasi qo'pol qilib aytganda, o'sha millat fidoyilari kurashgan savodsizlik, ta'lim va tarbiyaga jiddiy qaramaslikning oqibatidan. Shuning ta'sirida qilayotgan xatolarimiz bugun katta ko'chalarda, binolarimiz peshtoqida o'zimizga saboq bera boshladi.

Nachora, hechdan ko'ra kech, qimirlagan qir oshar, deydi xalqimiz. ezgu ishlarning erta-kechi yo'q. Tilimizning qadrini yuksaltirish, eng asosiysi, uning avvalo xalqimiz orasida qadrlanishi uchun qimirlab turaveraylikchi, bir kun biz ham qir oshib, mehnatlarimiz samarasini ko'rishga muvaffaq bo'larmiz...

Munojat MO'MINOVA,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri