Oʻzbekiston tibbiyot xodimlari V.A.Almazov nomidagi Rossiya Milliy tibbiyot tadqiqot markazi bazasida 72 soatga moʻljallangan “Klinik akusherlik” simulyatsion kursini oʻtadilar.

Oʻzbek mutaxassislarining eng yaxshi xorijiy tibbiyot tashkilotlarida malakalarini oshirishi eng yaxshi xorijiy tajribani, innovatsion uslublarni samarali oʻzlashtirish, keyinchalik esa Oʻzbekistonning barcha hududlarida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish imkonini beradi. Bu safar delegatsiya “RIOvaBSIATM” DK va ularning hududiy filiallari mutaxassislaridan iborat Toshkent, Qarshi, Samarqand, Buxoro, Qoʻqon, Andijon, Nukus vakillaridan tarkib topdi.

Peterburgning V.A.Almazov nomidagi Milliy tibbiyot tadqiqot markazi —MTTM bilan hamkorlik 2023-yil 22-sentyabrda taʼlim va ilmiy-tadqiqot faoliyati sohasida hamkorlik haqidagi memorandumning imzolanganidan keyin yangidan rivojlana boshladi.

Shuni taʼkidlash joizki, V.A.Almazov nomidagi Milliy tibbiyot tadqiqot markazi Rossiya Federatsiyasining yirik ilmiy-davolash muassasalaridan biri sanaladi. Shuningdek, u dunyoning Times Higher Education Impact Rankings 2023 xalqaro reytingidagi eng yaxshi taʼlim muassasalarining birinchi yuztaligiga kiradi.

“Almazov markazi yurak-qon tomir kasalligi, qandli diabet va endokrinopatiya bilan kasallangan homilador ayollarni davolashga ixtisoslashgan. Toʻplangan tajriba va bilimlarni oʻzbekistonlik mutaxassislar bilan oʻrtoqlashish ilgʻor texnologiyalarni yuqoridagi kabi bemor ayollarni davolashda joriy etishni, tibbiy xizmat koʻrsatilayotgan ayollarning qoniqishini oshirishni maqsad qilgan”, — deb taʼkidladi V.A.Almazov nomidagi MTTM akusherlik va ginekologiya kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor Irina Zazerskaya.

Taʼlim jarayoni davomida Oʻzbekistondan kelgan mutaxassislar xavfli guruhdagi ayollarda somatik kasalliklar va akusherlik asoratlarni tashxislash, profilaktika qilish va davolash boʻyicha zamonaviy texnologiyalar bilan tanishdi. Yangi bilimlar homiladorlik va tugʻish paytida koʻrsatiladigan yordam sifatini oshirish, hamda ona oʻlimi va perinatal oʻlim koʻrsatkichini pasaytirish imkonini beradi.

Undan tashqari Sankt-Peterburg mutaxassislari bilan birgalikdagi ilmiy tadqiqotlarni, teletibbiyotni, Rossiya Federatsiyasi mutaxassislarining Oʻzbekistonga tashrif buyurishini, doimiy asosda stajirovkalarni tashkil etish boʻyicha hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

Kurs qatnashchilarining qaytishi bilan viloyat, shahar va tuman darajasidagi muassasalarning shifokorlarini yangi bilimlar bilan tanishtirish uchun kaskad treninglar sikli tashkil etiladi. Undan tashqari kurs davomida qoʻllangan simulyatsion taʼlim texnologiyalari “RIOvaBSIATM” DKning oʻzining trening markazida amalda qoʻllaniladi.

Shuni qoʻshimcha qilamizki, shuningdek, safar doirasida Sankt-Peterburg Davlat Pediatriya tibbiyot universiteti va uning Federal klinikasiga tashrif uyushtirildi. Tomonlar birgalikdagi ilmiy tadqiqotlar va tajriba almashish toʻgʻrisidagi hamkorlikka kelishib oldilar.

Uchrashuv davomida, shu narsa taʼkidlandiki, Pediatriya universiteti Oʻzbekiston bilan allaqachon birgalikdagi taʼlim dasturini amalga oshirishni boshlab yubordi, hamda Rossiya OTM oʻqituvchilari Oʻzbekiston shifokorlari uchun taʼlim sikllari olib borishga, har ikkala tomonda toʻplangan tajribalarni oʻrtoqlashishga tayyor.

Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.